Elektron tarozi: qachon va qanday tortilish kerak

Doktor Feruz

Doktor Feruz3 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Elektron tarozi, santimetr lenta va vazn yoziladigan daftar

Elektron tarozida haftada bir marta tortilish yetarli: bir xil kunda, ertalab, hojatdan keyin va nonushtadan oldin. Kunlik raqam suv va ichakdagi ovqat hisobiga bir necha kilogrammga sakrashi mumkin. Bu yogʻ emas. Muhimi — bir necha haftalik yoʻnalish.

Ertalab taroziga chiqasiz. Raqam yoqmadi — kun boʻyi kayfiyat yoʻq. Ertasi kuni raqam tushdi — xursandsiz. Tarozi kayfiyatingizni boshqarib qoʻydi.

Aslida bitta kunlik raqam yogʻ haqida kam narsa aytadi. Nega — hozir oddiy qilib tushuntiraman.

Har kuni tortilish kerakmi?

Angliyaning rasmiy davolash qoʻllanmasi (NICE) haftada bir marta tortilishni maslahat beradi. Bel oʻlchamini ham bilib turishni aytadi.

Kanadaning semizlik qoʻllanmasiga koʻra, muntazam tortiladigan odamlar koʻproq ozgan. Tortilish ularda xavotir ham uygʻotmagan.

Kuzatuvimcha, baʼzilar har kuni, hatto kuniga uch mahal taroziga chiqadi. Bugun 70 kg, ertaga ertalab 72 kg — va kayfiyat buziladi.

Lekin bir kechada 2 kg yogʻ yigʻib boʻlmaydi. Bu suv yoki ichakda turgan ovqat. Ertalab 68 kg chiqsa ham xursand boʻlib ketmang: bir kechada 2 kg ozmadingiz.

Komiks: «Kecha 70 kilo edim, bugun 72!» — «Bir kechada 2 kilo yogʻ yigʻilmaydi. Bu — suv. Haftada bir marta tortiling.»

Shuning uchun har kuni tortilish shart emas. Bitta kunning raqami sizni faqat chalgʻitadi.

Nega vazn kundan-kunga sakraydi?

Tanangizning yarmidan koʻpi — suv. Suv ozgina koʻpaysa yoki kamaysa, tarozi darhol sezadi.

Chizma: har kungi vazn raqami sakraydi, haftalik yoʻnalish esa sekin pastga tushadi

Kanadalik ikki shifokor «Best Weight» kitobida yozishicha, tarozi qabziyatni, yaʼni ich qotishini ham tortadi. Kiyimni va tanadagi suvni ham tortadi. Ogʻir semizlikda suvning kunlik oʻzgarishi 5 kg dan oshishi mumkin.

Bir litrli ikkita banka oling: biriga yogʻ, ikkinchisiga suv quying. Hajmi bir xil, lekin suvlisi ogʻirroq. Tarozi esa ichida nima borligini ajratmaydi.

Elektron tarozi qanday ishlatiladi?

Raqamlarni solishtirish uchun sharoit har safar bir xil boʻlsin. Kiyim ham bir xil boʻlsin yoki umuman boʻlmasin.

Tarozini doim bir joyda, tekis va qattiq polda saqlang. Gilamga emas, kafel yoki taxta polga qoʻying.

Baʼzi tarozilar yogʻ, suv va mushak foizini ham koʻrsatadi. Ular tanadan oʻtkazilgan kuchsiz tok orqali chamalaydi. Buni bioimpedans deyishadi.

NICE yozishicha, bunday oʻlchov tana vazn indeksining oʻrnini bosmaydi. Tana vazn indeksi — boʻy va vazndan topiladigan raqam. Shuning uchun yogʻ foizidagi kichik oʻzgarishga emas, vazn va bel yoʻnalishiga qarang.

Qachon shifokorga borish kerak?

NICE ovqatlanish buzilishi bor yoki xavfi bor odamlarda tarozi bilan ehtiyot boʻlishni eslatadi. Kanada qoʻllanmasida ham yozilgan: ogʻir semizlikda tez-tez tortilish baʼzilarga stress boʻlishi mumkin. Shifokorga yoki psixologga murojaat qiling, agar:

  • tarozidagi raqam kayfiyatingizni kun boʻyi buzsa yoki kuniga bir necha marta tortilib, toʻxtay olmasangiz;
  • raqam tufayli och qolsangiz yoki koʻp yeb, keyin ayb his qilsangiz;
  • vazningiz sababsiz tez tushsa yoki tez oshsa.

Nima qilish kerak

  1. Tortilish kunini tanlang. Masalan, har dushanba ertalab. Telefoningizga eslatma qoʻyib qoʻying. Nega: bir xil kunda, bir xil sharoitda raqamlarni solishtirsa boʻladi.
  2. Raqamni yozib boring. Bitta raqamga emas, 3–4 haftalik yoʻnalishga qarang. Nega: «Best Weight» mualliflari yozishicha, kaloriya tanqisligi saqlansa, tarozi kechikib boʻlsa ham buni koʻrsatadi.
  3. Belni ham oʻlchang. Oyda bir marta yetadi. Bel boʻyingizning yarmidan kichik boʻlsin: boʻy 170 sm boʻlsa, bel 85 sm dan kam. Nega: tarozi suv bilan yogʻni ajratmaydi, bel esa hajm qanday oʻzgarayotganini koʻrsatadi.
  4. Raqam qiynasa, tarozini chetga qoʻying. Nega: hajm kamayayotganini doim kiyadigan shimingiz yoki kamaringiz ham aytib beradi.

Tarozini toʻgʻri ishlatish oson. Qiyini — raqamlarni yozib, haftalar boʻyi yoʻnalishni koʻrib borish. Formula ilovasida vazningizni yozib borasiz, «Natijalar»da u grafik boʻlib koʻrinadi. «Oʻlchovlar» boʻlimida esa belingizni yozasiz — ilova uni qanday oʻlchashni ham koʻrsatadi. Darslardan birida tarozi joyida tursa-yu, kiyim boʻshasa, nima boʻlayotganini bilib olasiz. Ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.

Ilovani yuklab olish uchun QR kodTelefon kamerasini QR kodga qarating

Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

Doktor Feruz YigitaliyevFormula ilovasi muallifi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.

Doktor Feruz yoʻli

Manbalar

  1. NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246
  2. Wharton S. va hamk. Obesity in adults: a clinical practice guideline (Obesity Canada). CMAJ, 2020. doi.org/10.1503/cmaj.191707
  3. Freedhoff Y., Sharma AM. Best Weight: A Practical Guide to Office-Based Obesity Management. Canadian Obesity Network, 2010.
  4. Cooper Z, Fairburn CG, Hawker DM. Cognitive-Behavioral Treatment of Obesity: A Clinicianʼs Guide. Guilford Press, 2003.

Shu mavzuda yana