Keto diyeta: foydasi va xavfi

Doktor Feruz

Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Likopchada qovurilgan ikki tuxum, goʻsht boʻlaklari va yarim avokado

Keto diyeta ozdiradimi? Ha, ozdiradi. Lekin boshqa diyetalardan ustun emas. Ketoda non, guruch, kartoshka, meva va shirinlik deyarli yoʻq. Ovqatning asosi — yogʻ, goʻsht va tuxum. Ozish esa oʻsha eski yoʻl bilan boʻladi: tanaga sarflaganidan kamroq quvvat kiradi.

Hamkasbingiz ketoda yuribdi. Ertalab tuxum, tushlikda goʻsht, non ham, meva ham yoʻq. «Bir haftada tarozi qanday tushdi!» deb maqtanadi. Siz ham boshlamoqchisiz. Lekin tushgan narsa rostdan yogʻmi? Bu yoʻlni qancha ushlab tura olasiz? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.

Keto diyeta qanday ozdiradi?

Ketoni maqtaganlar shunday deyishadi: «Uglevod yemasam, insulin koʻtarilmaydi va yogʻ tez ketadi». Uglevod — non, guruch, shirinlikda koʻp boʻladi. Insulin esa qondagi qandni boshqaradigan modda.

Ketoda tana rostdan ham koʻproq yogʻ yoqadi. Lekin ovqat bilan yogʻ ham koʻproq kiradi. Buni vannaga oʻxshatsa boʻladi. Pastdan suv tezroq oqib ketyapti. Lekin jumrakdan ham koʻproq suv quyilyapti. Vanna boʻshamaydi.

Amerikada buni aniq tekshirib koʻrishgan. Ortiqcha vazni bor 17 nafar erkak ikki oy shifoxonada yashagan. Ular yegan ovqatni olimlar oʻlchab berishgan. Avval bir oy oddiy ovqat yeyishgan. Keyin bir oy keto yeyishgan, kaloriyasi xuddi oʻshancha. Ketoga oʻtgach yogʻ tezroq emas, aksincha sekinroq ketgan. Tana esa oʻz oqsilini koʻproq sarflagan.

Telegram kanalimda ham yozganman. Ketoda ham kaloriya tanqisligi boʻladi, faqat mingta cheklov bilan. Mahsulot turini cheklamasdan ham ozish mumkin.

Unda nega ketoning birinchi haftasida tarozi shunchalik tez tushadi?

Nega boshida tarozi tez tushadi?

Keto boshlaganlar koʻpincha «birinchi haftada tarozi tez tushdi», deydi. Bu rost. Lekin nima ketgan?

Olimlar buni ham tekshirishgan. Semiz odamlar bir xil kam kaloriyali ikki xil ovqatni navbatma-navbat yeyishgan. Biri — keto, ikkinchisi — oddiy aralash ovqat. Keto paytida tarozi koʻproq tushgan: 10 kunda taxminan 4,7 kilo, oddiy ovqatda 2,8 kilo. Lekin ortiqcha ketgan qismi suv boʻlgan. Yogʻ esa ikkala holatda deyarli bir xil kamaygan — 1,6 va 1,7 kilo.

Chizma: kaloriyasi bir xil boʻlsa ham ketoda tarozi koʻproq tushgan, lekin ortiqcha ketgan qismi suv; yogʻ ikkalasida deyarli bir xil kamaygan

Demak, tarozidagi tez minus hali yogʻ tez ketyapti degani emas.

Keto boshqa diyetalardan yaxshiroqmi?

Yoʻq. Kanada semizlik qoʻllanmasiga koʻra, uglevodi kam, oʻrtacha yoki koʻp diyetalar vaznni deyarli bir xil kamaytiradi. Bu 6–12 oylik natija. Keto ham shu roʻyxatda bor.

Yaʼni keto — bir yoʻl, lekin eng yaxshi yoʻl emas. Uzoq natijani diyetaning turi hal qilmaydi. Uni qancha ushlay olishingiz hal qiladi.

Keto menyu hayotga sigʻadimi?

Keto menyuda osh yoʻq, non yoʻq, meva yoʻq. Toʻyda-chi? Mehmondorchilikda-chi? Buni umr boʻyi kim ushlab tura oladi?

Keto menyuda ovqatning asosi — tuxum, goʻsht va yogʻ; osh, non, kartoshka, meva va shirinlik deyarli yoʻq

Keto tugaydi, eski ovqat qaytadi, vazn ham qaytadi. Shunday qilib vazn bir tushib, bir chiqaveradi.

Bir paytlar men ham baʼzi odamlarga keto diyetasini tavsiya qilganman. Keyin izlanib, bu notoʻgʻri yoʻl ekanini tushundim. Hozir aksincha, keto qilmaslikni aytaman.

Baʼzi odamlar uchun esa keto shunchaki noqulay emas — xavfli.

Keto kimga xavfli?

  • Dapagliflozin yoki empagliflozin ichsangiz. Bu dorilarni qand kasalligi, yurak yoki buyrak uchun yozib berishadi. Angliya buyrak shifokorlari qoʻllanmasi bunday odamlarga ketoni tavsiya qilmaydi. Sababi — qonda keton degan modda xavfli darajada toʻplanishi mumkin.
  • Insulin yoki qand tushiradigan tabletka ishlatsangiz. Uglevodni birdan keskin kamaytirsangiz, qandingiz tushib ketishi mumkin.
  • Homilador boʻlsangiz, emizsangiz yoki ovqat bilan munosabatingiz ogʻir boʻlsa.

Bunday holatda ovqatlanishni oʻzgartirishdan oldin shifokoringiz bilan gaplashing. Dorini faqat shifokor oʻzgartiradi.

Keto oʻrniga nima qilish kerak

  1. Non va guruchni tashlamang, miqdorini biling. Nega: taqiqlangan taomni yegisi koʻproq keladi. Miqdorini bilsangiz, taomni siz boshqarasiz, u sizni emas.
  2. Har ovqatda oqsil va sabzavot boʻlsin. Goʻsht, tuxum, qatiq, mosh va salat. Nega: ular toʻydiradi — buning uchun keto shart emas.
  3. Uglevodni kamaytirmoqchi boʻlsangiz, shirin ichimlik va shirinlikdan boshlang. Meva va nonni tashlamang. Nega: shirinlik toʻydirmaydi, quvvati esa koʻp.
  4. Haftada bir tortiling va belni oʻlchang. Nega: birinchi haftadagi minus koʻpincha suv. Haqiqatni bir necha haftalik yoʻnalish koʻrsatadi.

Bu qadamlar ketodan ancha yengil. Qiyini — ularni oylar davomida, toʻyda ham, uyda ham ushlab turish. Formula ilovasida non ham, osh ham taqiqlanmaydi. Qisqa darslarda non va guruch yeb ham qanday ozish mumkinligini oʻrganasiz. Har darsdan keyin bitta kichik vazifani oʻz hayotingizda sinab koʻrasiz. Natijani saqlashni esa birinchi kundan oʻrganasiz. Ketosiz ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.

Ilovani yuklab olish uchun QR kodTelefon kamerasini QR kodga qarating

Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

Doktor Feruz YigitaliyevFormula ilovasi muallifi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.

Doktor Feruz yoʻli

Manbalar

  1. Wharton S. va hamk. Obesity in adults: a clinical practice guideline. CMAJ, 2020. doi.org/10.1503/cmaj.191707
  2. Hall KD va hamk. Energy expenditure and body composition changes after an isocaloric ketogenic diet in overweight and obese men. American Journal of Clinical Nutrition, 2016. doi.org/10.3945/ajcn.116.133561
  3. Yang MU, Van Itallie TB. Composition of weight lost during short-term weight reduction. Journal of Clinical Investigation, 1976. doi.org/10.1172/JCI108519
  4. Roddick AJ va hamk. UK Kidney Association clinical practice guideline: SGLT-2 inhibition in adults with kidney disease, 2023 update. BMC Nephrology, 2023. doi.org/10.1186/s12882-023-03339-3
  5. NIDDK. Low Blood Glucose (Hypoglycemia). niddk.nih.gov/health-information/diabetes/overview/preventing-problems/low-blood-glucose-hypoglycemia
  6. Doktor Feruz. «Shakar semirtirmaydi», Telegram, 2023. t.me/taomlanish_ilmi/3633

Shu mavzuda yana