Ozish uchun diyeta: qaysi biri ishlaydi
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Ozish uchun diyeta ishlaydimi? Ishlaydi, lekin koʻpincha qisqa vaqtga. Har qanday diyeta bitta yoʻl bilan ozdiradi: tanaga sarflaganidan kamroq quvvat kiradi. Shuning uchun eng yaxshi diyeta — chiroyli nom emas. Eng yaxshisi — siz yillar davomida ushlay oladigan ovqatlanish.
Tanish manzara. Dushanbadan yangi diyeta boshlaysiz. Nonni olib tashlaysiz, kechqurun faqat kefir ichasiz. Tarozi tushadi, kayfiyat koʻtariladi. Keyin qarindoshning toʻyi boʻladi. Osh tortiladi, «ozgina boʻlsa ham yeng» deyishadi. Diyeta buziladi, vazn esa asta-sekin joyiga qaytadi. Nega shunday boʻladi? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Qaysi diyeta yaxshiroq?
Internetda koʻpincha «ozish uchun dieta» deb qidirishadi. Keto, kefir, grechka, «toʻgʻri ovqatlanish» — oʻnlab nom chiqadi. Nomlari har xil. Ishlash yoʻli esa bitta — kaloriya tanqisligi. Yaʼni tana sarflaganidan kamroq quvvat oladi.
Yogʻ — tananing «qora kunlar uchun» yigʻgan zaxirasi. Ovqat sarfdan kam boʻlsa, tana shu zaxiradan oladi. Diyetaning nomi bu hisobni oʻzgartirmaydi.
Buni katta tadqiqot ham koʻrsatgan. Olimlar 48 ta tadqiqotni jamlab koʻrishgan. Ularda 7 mingdan ortiq odam qatnashgan. Baʼzi diyetalarda uglevodni kamaytirishgan — non, guruch, shirinlikni. Boshqalarida yogʻni kamaytirishgan. Bir yildan keyin ikkalasi ham vaznni deyarli bir xil kamaytirgan. Mashhur nomli diyetalar orasidagi farq ham kichik chiqqan.

Angliya shifokorlari qoʻllanmasi ham diyeta turlari orasida ishonchli farq topmagan. Kanada semizlik qoʻllanmasi esa shunday maslahat beradi. Diyetani turiga qarab emas, uzoq ushlay olishingizga qarab tanlang.
Unda nega diyeta tugashi bilan vazn qaytadi?
Nega diyetadan keyin vazn qaytadi?
Diyetada sevimli taomingizni «vaqtincha» taqiqlaysiz: «Ozib olgunimcha non yemayman». Diyeta tugaydi — finish chizigʻini bosib oʻtasiz. Keyin nima boʻladi? Eski ovqatingizga qaytasiz. Vazn ham ortingizdan qaytadi.
Angliya qoʻllanmasi ham shundan ogohlantiradi. Oʻzingizni haddan tashqari qisib qoʻysangiz, vazn keyin tez qaytishi mumkin. Odam bir ozib, bir semirib yuradi.
Endi ikki mashhur yoʻlni koʻraylik: «10 kunlik diyeta» va tayyor menyu.
10 kunlik diyeta va tayyor diyeta menyusi
«10 kunlik diyeta»da tarozi tez tushadi. Bu, albatta, yoqadi. Lekin bunday diyetalar koʻpincha bir-ikki mahsulotga quriladi: faqat kefir yoki faqat grechka. Tanaga esa kerakli moddalar yetishmay qoladi.
Angliya qoʻllanmasi bunday qattiq, bir yoqlama diyetalarni qoʻllamaslikni maslahat beradi. Ular uzoqda foyda bermaydi va zarar qilishi mumkin.
Tayyor diyeta menyusining muammosi boshqa. Unda nonushta, tushlik va kechki ovqat yozilgan. Toʻy, mehmon va oilaviy osh esa yozilmagan. Kechqurun hamma osh yeyayotganda, siz yolgʻiz menyudagi taomni yeysizmi? Hayot menyuga sigʻmaydi.

Yana bir chegara bor. Kuniga 800–1 200 kilokaloriyali diyetani faqat mutaxassis kuzatib tursa qilish mumkin. 800 dan kami esa — faqat aniq tibbiy sabab boʻlsa.
Qachon shifokorga borish kerak?
- Kuniga 1 200 kilokaloriya yoki undan kam yeyishni rejalashtirsangiz.
- Qandli diabet uchun dori yoki insulin ishlatsangiz.
- Yuragingiz yoki buyragingiz kasal boʻlsa.
- Homilador boʻlsangiz yoki bola emizayotgan boʻlsangiz.
- Ovqat haqidagi fikrlar sizni qiynasa. Masalan, och yurasiz, keyin toʻxtay olmay koʻp yeysiz, soʻng oʻzingizni ayblaysiz.
Ozish uchun diyeta qilish tartibi: 5 qadam
- Taqiq emas, miqdor. Nonni tashlamang, necha burda yeyayotganingizni biling. Nega: shunda toʻyda ham «diyeta buzildi» degan gap boʻlmaydi.
- Oʻz dasturxoningizdan boshlang. Oila yeydigan taomni oʻz likopchangizda yeng. Nega: alohida «diyeta taomi» pishirish shart emas, oilangiz bilan bir dasturxonda oʻtirasiz.
- Toʻydiradigan ovqatni koʻpaytiring. Har ovqatda sabzavot va oqsilli taom boʻlsin: goʻsht, tovuq, tuxum. Nega: shunda kamroq quvvat bilan ham och qolmaysiz.
- Haftada bir marta tortiling va belingizni oʻlchang. Nega: bir kunlik raqam emas, bir necha haftalik yoʻnalish muhim.
- Buzilsa, keyingi ovqatdan davom eting. Ertasi kuni «qoplash» uchun och yurmang. Nega: bitta ortiqcha kun yoʻlni buzmaydi. Yoʻlni «baribir buzildi» deb tashlab ketish buzadi.
Bu qadamlarni bilish oson. Qiyini — toʻyda, mehmonda va charchagan kechada ham ularni ushlab qolish. Formula ilovasida tayyor menyu ham, taqiqlar roʻyxati ham yoʻq — qisqa video va audio darslar bor. Bir darsda oshni yengilroq qilishni oʻrganasiz, boshqasida — toʻyda «yana oling» deyishganda nima qilishni. Har darsdan keyin bitta kichik vazifani oʻz hayotingizda sinab koʻrasiz. Natijani saqlashni esa birinchi kundan oʻrganasiz. Qattiq diyetasiz ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Nega koʻp odam diyetadan keyin qayta semirishini shu videoda oddiy qilib tushuntirganman.
YouTube · 99,9% Qayta Semiradi — Mana Nima Uchun

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246
- Johnston BC va hamk. Comparison of weight loss among named diet programs in overweight and obese adults: a meta-analysis. JAMA, 2014. doi.org/10.1001/jama.2014.10397
- Wharton S. va hamk. Obesity in adults: a clinical practice guideline. CMAJ, 2020. doi.org/10.1503/cmaj.191707
- Doktor Feruz. «99,9% Qayta Semiradi — Mana Nima Uchun», YouTube, 2026. youtu.be/gpfnmO7yr9E

