Lavash, burger, somsa, pitsa: kaloriyasi va qanday tanlash

Doktor Feruz

Doktor Feruz3 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Somsa, lavash va burger yonma-yon

Lavash kaloriyasi, burger yoki somsaniki — bitta aniq raqam emas. Hammasi kattaligiga va ichiga nima solinganiga bogʻliq. Bitta dona taxminan 150–500 kilokaloriya (kkal) boʻladi. Kartoshka fri, sous va shirin ichimlik qoʻshilsa — ancha koʻp. Lekin ozish uchun ularni taqiqlash shart emas: qancha va nima bilan yeyishni bilsangiz yetadi.

Ish kuni. Tushlikka vaqt kam. Yoʻl-yoʻlakay bitta lavash va bir shisha gazli ichimlik olasiz. «Bitta lavash-ku, nima boʻpti», deysiz. Aslida ichida qancha kaloriya bor va qanday tanlash kerak? Hozir oddiy qilib tushuntiraman. Faqat bir eslatma: quyidagi raqamlarning hammasi taxminiy.

Taxminiy kaloriya: lavash (200 gramm) — 370 kkal, burger — 250–500, bitta somsa — 160–310, pitsaning bir boʻlagi — 230 kkal

Lavash kaloriyasi qancha?

Lavashning bitta standart retsepti yoʻq. Noni, goʻshti va sousi har joyda har xil. Shuning uchun aniq raqam ham yoʻq.

Uning xorijdagi eng yaqin oʻxshashi — pita nonga oʻralgan goʻsht (gyro). Amerika ovqat tarkibi bazasi (USDA) boʻyicha uning 100 grammi taxminan 184 kkal. 200 grammlik bitta donasi — 370 kkal atrofida. Bu — lavash uchun taxminiy hisob.

Lavash katta boʻlsa yoki ichiga kartoshka fri va mayonezli sous solinsa, raqam tez oshadi. 100 gramm kartoshka fri — taxminan 310 kkal. Bir osh qoshiq mayonez — 95 kkal atrofida.

Lavash 370, oʻrtacha porsiya kartoshka fri 450, bir osh qoshiq mayonez 95 va 0,5 litr shirin gazli ichimlik 210 kkal — jami taxminan 1 125 kkal; lavash va suv — 370 kkal

Burger-chi? Unda ham hisob kattalikka qarab ketadi.

Burger kaloriyasi

USDA boʻyicha fast fud burgeri:

  • kichigi (90 g) — taxminan 250 kkal;
  • oʻrtachasi (145 g) — 420 kkal atrofida;
  • kattasi (175 g) — 500 kkal atrofida.

Pishloq, ikkinchi kotlet va qoʻshimcha sous bu raqamni yana oshiradi.

Endi oʻzimizning somsa.

Somsa kaloriyasi

Somsani yengil deb oʻylaymiz, chunki u tandirda pishadi. Lekin xamir qatlamlariga yogʻ surtiladi. Tandirda u hech qayoqqa oqib ketmaydi — xamirning oʻzi shimib oladi.

Formula ilovasi taomlar bazasida 100 gramm somsaning taxminiy kaloriyasi:

  • goʻshtli — 225 kkal;
  • kartoshkali — 240 kkal;
  • koʻk somsa — 230 kkal.

Baʼzi kafelar menyusida bitta somsa 70–140 gramm. Yaʼni bitta somsa taxminan 160–310 kkal.

Taqqoslang: qaynatma shoʻrvaning 100 grammi taxminan 67 kkal. Bir xil vaznda somsada kaloriya uch baravardan koʻp.

Pitsada esa hisob boʻlakka qarab ketadi.

Pitsa kaloriyasi

USDA boʻyicha pishloqli pitsaning 100 grammi taxminan 266 kkal. Diametri 28–30 sm pitsaning bitta boʻlagi (86 g) — 230 kkal atrofida. Butuni esa taxminan 1 840 kkal. Bu — 130 grammlik oltita goʻshtli somsadek.

Unda kafeda nima qilish kerak? Mana 5 ta oddiy qoida.

Kafe va restoranda ovqatlanish: 5 oddiy qoida

Bu qoidalar uyga ovqat buyurtma qilganda ham ishlaydi.

  1. Ichimlikni suv yoki shakarsiz choyga almashtiring. Nega: 0,5 litr shirin gazli ichimlikda taxminan 210 kkal bor. Bu deyarli bitta kichik burgerchalik.
  2. Kartoshka frining kichigini oling yoki boʻlishing. Nega: uning oʻrtacha porsiyasi (145 g) — taxminan 450 kkal.
  3. Sousni alohida soʻrang. Shunda qanchasini qoʻshishni oʻzingiz hal qilasiz. Nega: bir osh qoshiq ketchupda taxminan 17 kkal bor, mayonezda esa besh baravardan koʻp.
  4. Yoniga salat yoki shoʻrva oling. Somsa yoniga bir kosa shoʻrva va achchiq-chuchuk qoʻysangiz, qorin shular bilan toʻladi. Nega: somsa yoki burger kichik, lekin kaloriyasi koʻp — oshqozonni toʻldirmaydi. Sabzavot esa kam kaloriya bilan toʻldiradi. Olimlar tekshirib koʻrishgan: ovqatning har qoshigʻidagi kaloriya kamaytirilsa, odamlar kun davomida kamroq yeydi. Keyingi ovqatda ham buning oʻrnini deyarli toʻldirishmaydi.
  5. Porsiyangizni oldindan tanlang. Oʻz likopchangizga soling yoki katta porsiyani ikki kishi boʻlishing. Nega: katta umumiy laganda qancha yeganingizni bilmay qolasiz.

Yeb-iching, meʼyorni unutmang. Lekin kafeda meʼyorni qayerdan bilasiz? Formula ilovasida lavash yoki somsani rasmga olasiz. Ilova taxminiy kaloriya, oqsil, yogʻ va uglevodni koʻrsatadi. Keyin «Qoʻshimcha bormi?» deb soʻraydi: rasmda koʻrinmagan sous yoki yogʻni qoʻshib qoʻyasiz. Taom bazada boʻlmasa, «Menyuda yoʻq ovqat»ga nomi va grammini yozasiz, ilova uni taxminan hisoblaydi. Taqiqlarsiz ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.

Ilovani yuklab olish uchun QR kodTelefon kamerasini QR kodga qarating

Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

Doktor Feruz YigitaliyevFormula ilovasi muallifi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.

Doktor Feruz yoʻli

Manbalar

  1. USDA FoodData Central: Gyro sandwich (FDC 2706962); Hamburger, from fast food (FDC 2706921, 2706929, 2706930); Pizza, cheese, from restaurant or fast food, medium crust (FDC 2708616); Potato, french fries, fast food (FDC 2709461); Salad dressing, mayonnaise, regular (FDC 171009); Catsup (FDC 168556); Beverages, carbonated, cola, regular (FDC 174852). fdc.nal.usda.gov
  2. Formula ilovasi taomlar bazasi: oʻzbek taomlari, taxminiy hisob.
  3. Robinson E va hamk. Calorie reformulation: a systematic review and meta-analysis examining the effect of manipulating food energy density on daily energy intake. Int J Behav Nutr Phys Act, 2022. doi.org/10.1186/s12966-022-01287-z
  4. Doktor Feruz. «Somsa — tandirda pishgan-ku, yogʻda qovurilmagan», Telegram, 2026. t.me/taomlanish_ilmi/3858

Shu mavzuda yana