PP ovqatlanish nima va tayyor PP ovqat buyurtmasi kerakmi

Doktor Feruz

Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Tovuq, grechka va brokkoli solingan uchta shisha idish va yashil qopqoqlar

PP ovqatlanish — ruscha «pravilnoye pitaniye», yaʼni «toʻgʻri ovqatlanish» soʻzining qisqartmasi. Uning ichida foydali odatlar ham, keraksiz taqiqlar ham bor. Ozish esa «PP» yorligʻidan kelmaydi. U kun davomida sarflaganingizdan biroz kam quvvat olishdan keladi. Va buni yillar davomida davom ettira olishdan.

Doʻkonda «PP» deb yozilgan pechenye koʻrasiz. «PP ekan, demak semirtirmaydi», deb savatga solasiz. Tanish holat-a? Aslida «PP» nima va u bilan ozish mumkinmi? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.

PP ovqatlanish nima deb tushuniladi?

Odatda «PP» deganda shular aytiladi:

  • shakar va oq unni tashlash;
  • qovurilgan ovqat yemaslik;
  • kechki soat oltidan keyin yemaslik;
  • kuniga 5–6 mahal oz-ozdan yeyish;
  • «PP shirinlik» va «PP non» sotib olish.

Bularning baʼzisi foydali, baʼzisi esa shunchaki moda. Qaysi biri qaysi? Keling, ajratamiz.

PP ovqatlar: nimasi ishlaydi, nimasi afsona?

Ishlaydigan qismi oddiy. Har ovqatda sabzavot, koʻkat va oqsil boʻlsa, qorin uzoqroq toʻq turadi. Shirin ichimlikni suvga almashtirish keraksiz kaloriyani kamaytiradi. Bular «PP» emas, shunchaki toʻyimli ovqat.

Afsonalar esa koʻp:

  • «PP mahsulot semirtirmaydi». «PP shirinlik»da shakar oʻrniga asal, xurmo, yongʻoq va yogʻ boʻlishi mumkin. Uning kaloriyasi oddiy shirinlikdan kam boʻlmasligi ham mumkin.
  • «Bitta toʻgʻri diyeta bor». Olimlar katta tahlilda turli nomdagi diyetalarni solishtirishgan. Ular orasidagi farq kichik chiqqan. Xulosa: odam qaysi usulga uzoq amal qila olsa, oʻsha usul yaxshi.
  • «Kechki oltidan keyin yesangiz, semirasiz». Angliya shifokorlari qoʻllanmasi (NICE) deydi: ozishning asosi — kun davomidagi umumiy kaloriya tanqisligi. Yaʼni kun boʻyi sarflaganingizdan kamroq yeyish. Ovqat vaqtini cheklash boʻyicha esa qoʻllanma tavsiya bermagan. Dalil hali yetarli emas, yangi tadqiqot kerak, deydi.
PP haqida uchta afsona va haqiqat: «PP shirinlik» ham kaloriyali, bitta toʻgʻri diyeta yoʻq, asosiysi — kun boʻyi sarflaganingizdan kamroq yeyish

Unda nega koʻpchilik PP menyuni tashlab qoʻyadi?

PP menyu nega koʻpincha toʻxtab qoladi?

PP menyuda hammasi yozilgan: nonushtaga nima, tushlikka nima, kechga nima. Lekin uyda osh pishsa yoki mehmon kelib qolsa-chi? Ishdan charchab kelgansiz, oʻzingizga alohida ovqat qilishga hafsala yoʻq. Oxiri oila bilan oshni yeysiz va oʻzingizni ayblay boshlaysiz.

Muammo sizda emas, usulda. NICE ham shuni aytadi: diyeta odamga mos boʻlishi kerak. Uning ovqat didiga, madaniyatiga, uy sharoiti va oila byudjetiga.

Qattiq va muvozanatsiz cheklovlarni esa NICE tavsiya qilmaydi. Ular uzoq muddatda ishlamaydi va zarar berishi mumkin.

Tayyor ovqat buyurtma qilish-chi? U muammoni hal qiladimi?

Ovqat yetkazib berish: kaloriyasi hisoblangan tayyor ovqat kimga mos?

Kaloriyasi hisoblangan tayyor ovqat buyurtmasi baʼzi odamlarga qulay boʻlishi mumkin. Masalan, yolgʻiz yashaydigan, ovqat pishirishga vaqti yoʻq yoki toʻgʻri porsiyani koʻzi bilan koʻrmoqchi boʻlgan odamga.

Lekin uning cheklovlari ham bor:

  • Bu — sizning oilangiz dasturxoni emas. Osh, toʻy va mehmondorchilik baribir boʻladi.
  • Buyurtma toʻxtasa, oldingi ovqatlanish qaytadi. Ovqatni oʻzingiz tanlashni esa oʻrganmagan boʻlasiz.
  • Har oy qoʻshimcha xarajat boʻladi.

Kuzatuvimcha, oʻz oilasi dasturxoniga sigʻmagan menyu odatda toʻxtab qoladi. Shuning uchun boshqa yoʻlni tavsiya qilaman: dasturxon ichida oʻz «dasturxonchangiz» boʻlsin. Oila yeydigan oshdan siz ham yeysiz, lekin oʻz likopchangiz va oʻz meʼyoringiz bilan.

Oilaviy dasturxon: oila uchun lagandagi osh va undan solingan oʻz likopchangiz — oʻz meʼyoringiz bilan

Nima qilish kerak

  1. Taqiqlar roʻyxatidan emas, bitta odatdan boshlang. Masalan, shirin ichimlikni suvga almashtiring. Nega: kichik oʻzgarishni tashlab qoʻymaysiz, uzun taqiqlar roʻyxati esa tez buziladi.
  2. Oʻz dasturxoningizdagi taomni oʻrganing. Osh, shoʻrva, somsa — porsiyasini va yonidagi non, yogʻni koʻring. Nega: siz shu taomlar bilan yillar yashaysiz.
  3. Tayyor ovqat buyursangiz, undan oʻrganing. Porsiyasini eslab qoling va uyda takrorlashga harakat qiling. Nega: buyurtma toʻxtasa ham bilim qoladi.
  4. Buzilsa, keyingi ovqatdan davom eting. Nega: bir dasturxon butun rejani buzmaydi.

PP menyu qogʻozda chiroyli koʻrinadi. Qiyini — uni oilaviy dasturxonga sigʻdirish. Formula ilovasi menyu bermaydi — oʻz dasturxoningizdagi taom bilan ozishni oʻrgatadi. Darslarda osh, shoʻrva va salatni yengilroq qilishni, oilaviy dasturxonda va mehmonda nima qilishni oʻrganasiz. Oshni rasmga olsangiz, ilova uning taxminiy kaloriyasini koʻrsatadi. Tayyor menyusiz ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.

Ilovani yuklab olish uchun QR kodTelefon kamerasini QR kodga qarating

Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

Video

Ozishning formulasi nima va Formula ilovasi qanday ishlashini shu videoda taqdim qilganman.

YouTube · Ozish Formulasi Topildi

Doktor Feruz YigitaliyevFormula ilovasi muallifi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.

Doktor Feruz yoʻli

Manbalar

  1. NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246
  2. Johnston BC va hamk. Comparison of weight loss among named diet programs in overweight and obese adults: a meta-analysis. JAMA, 2014. doi.org/10.1001/jama.2014.10397
  3. Doktor Feruz. «Ozish formulasi topildi», YouTube, 2026. youtu.be/WRh6W_HPEs4
  4. Doktor Feruz. «Sizdan kelgan savol: ortiqcha vazn va semirish», Telegram, 2026. t.me/taomlanish_ilmi/3836

Shu mavzuda yana