Ozish uchun menyu: oddiy dasturxondan namuna

Doktor Feruz

Doktor Feruz3 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Yuqoridan koʻrinish: lagandagi manti, bir kosa qatiq va oʻz likopchasida uchta manti bilan salat

Ozish uchun menyu qatʼiy roʻyxat boʻlishi shart emas. Oila yeydigan oddiy taomni oʻz likopchangizda, oʻz meʼyoringiz bilan yesangiz boʻladi. Quyida oddiy dasturxondan bir kunlik va haftalik namuna bor. Bu — qoida emas, moʻljal.

Internetda «ozish uchun menyu» yoki «озиш учун меню» deb qidirasiz. Tayyor jadval chiqadi: nonushtaga avokado, kechga brokkoli. Sizning uyingizda esa bugun osh, ertaga shoʻrva. Indinga kutilmagan mehmon keladi.

Bunday jadval bilan qancha yurish mumkin? Unda nima qilish kerak — hozir oddiy dasturxon misolida koʻrsataman.

Nega tayyor menyu koʻpincha ishlamaydi?

Tayyor menyu boshqa birovning oshxonasi uchun yozilgan. Sizning hayotingiz esa unga sigʻmaydi.

Kuzatuvimcha, tayyor menyuni koʻp odam bir kun, bir hafta, nari borsa bir oy ushlaydi. Keyin baribir toʻxtaydi va «yana buzdim» deb oʻzini ayblaydi.

Muammo sizda emas, usulda. Unda nima yeyish kerak?

Ozish uchun nima yeyish kerak?

Hech bir mahsulot oʻzi ozdirmaydi ham, semirtirmaydi ham. Ozish uchun tana kun boʻyi sarflaganidan biroz kamroq quvvat olishi kerak.

Angliya shifokorlari qoʻllanmasi (NICE) ham shuni yozadi. Ovqatni esa odamning didiga, oilasi va sharoitiga moslashni maslahat beradi.

Kamroq quvvat — och qolish degani emas. Likopchani toʻydiradigan ovqat bilan toʻldiring:

  • sabzavot va meva — hajmi katta, quvvati kam, har ovqatda boʻlsin;
  • oqsilli taom — goʻsht, tovuq, tuxum, qatiq, mosh yoki noʻxat, har asosiy ovqatda kaftdek;
  • non — bir-ikki burda, imkon boʻlsa kepaklisi;
  • ichimlik — shirin ichimlik oʻrniga suv yoki choy.
Oʻz likopchangiz: sabzavot va meva koʻp, oqsilli taom kaftdek, non bir-ikki burda, ichimlik — suv yoki choy

Ozish uchun menyu: bir kunlik namuna

  • Nonushta: ikkita tuxum, bir burda non, pomidor va bodring, shakarsiz choy.
  • Tushlik: bir kosa shoʻrva, salat va bir burda non.
  • Tamaddi, agar qorningiz ochsa: bitta olma yoki bir piyola qatiq.
  • Kechki ovqat: osh. Avval achchiq-chuchuk, keyin oʻz likopchangizdagi osh. Qozon tagidagi yogʻni likopchaga oqizmang.

Uyingizda boshqa taom pishsa, oʻshani yeysiz. Faqat tartib oʻzgarmaydi: avval salat yoki sabzavot, keyin asosiy taom.

Haftalik menyu: oilangiz pishirgan taom bilan

Haftalik menyu uchun alohida ovqat pishirish shart emas. Oilangiz odatda nima pishirsa, oʻsha taomga bitta qoida qoʻshasiz:

  • dushanba, shoʻrva — ustidagi yogʻni kam oling;
  • seshanba, dimlama — likopchaning katta qismi sabzavot boʻlsin;
  • chorshanba, manti — likopchaga sanab oling, yoniga salat qoʻying;
  • payshanba, moshxoʻrda — mosh ham oqsil beradi, non bir burda yetadi;
  • juma, osh — bir likopcha yetadi, ikkinchi marta suzdirmang;
  • shanba, mastava — bir kosa, ustiga qatiq;
  • yakshanba, mehmondorchilik — juda och bormang. «Yana oling» deyishsa, «Rahmat, juda mazali boʻlibdi, men toʻydim» deysiz.

Kunlarni oʻzingiz almashtirasiz.

Bitta eslatma. Qandli diabet uchun dori yoki insulin qoʻllasangiz, homilador boʻlsangiz yoki emizsangiz, menyuni shifokoringiz bilan kelishing.

Nima qilish kerak: dasturxon ichida oʻz dasturxonchangiz

Dasturxonni buzmang, oila bilan urushib yurmang. Dasturxon ichida oʻz dasturxonchangizni yarating.

  1. Oʻz likopchangizdan yeng. Nega: umumiy lagandan yeganda qancha yeganingizni bilmay qolasiz.
  2. Uyda doim tayyor sabzavot boʻlsin. Pomidor, bodring, sabzi, koʻkat. Nega: salat besh daqiqada tayyor boʻlsa, uni har ovqatga qoʻshish oson.
  3. Ertangi ovqatni bugun kechqurun oʻylab qoʻying. Uyda nima pishishini bilsangiz, oʻz likopchangizni oldindan rejalaysiz. Nega: oldindan rejalash semizlikni davolashda ishlatiladigan asosiy usullardan biri.
  4. Buzilsa, keyingi ovqatdan davom eting. Nega: bitta dasturxon butun rejani buzmaydi.

Namuna — faqat moʻljal. Qiyini — har kuni oʻz uyingizdagi taomga qarab likopchani yigʻish. Formula ilovasida tayyor menyu yoʻq: siz oʻz uyingizda pishgan taomni yeysiz. Darslarda oshni, shoʻrvani, salatni qanday yengilroq qilishni va oila dasturxonida nima qilishni oʻrganasiz. Ilovada «Milliy taomlar» boʻlimi bor. Bazada yoʻq uy taomining nomi va grammini yozsangiz, sunʼiy intellekt uning kaloriyasini chamalab beradi. Menyusiz ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.

Ilovani yuklab olish uchun QR kodTelefon kamerasini QR kodga qarating

Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

Video

Tayyor menyu nega ishlamasligini va Formula ilovasi qanday ishlashini shu videoda koʻrsatib berganman.

YouTube · Ozish Formulasi Topildi

Doktor Feruz YigitaliyevFormula ilovasi muallifi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.

Doktor Feruz yoʻli

Manbalar

  1. NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246
  2. Cooper Z, Fairburn CG, Hawker DM. Cognitive-Behavioral Treatment of Obesity: A Clinicianʼs Guide. Guilford Press, 2003.
  3. Doktor Feruz. «Ozish formulasi topildi», YouTube, 2026. youtu.be/WRh6W_HPEs4
  4. Doktor Feruz. «Oqsil — kunlik norma va manbalari», Telegram, 2026. t.me/taomlanish_ilmi/3829

Shu mavzuda yana