Shirinlikka tortish: nega va nima qilish kerak

Doktor Feruz

Doktor Feruz3 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Ochiq konfet qutisi, bir nechta uyasi boʻsh, yonida bir piyola choy

Shirinlikka tortish — iroda yetishmasligi ham, kasallik ham emas. Koʻpincha uning ortida uchta narsa turadi: taqiq, odat va koʻz oldidagi shirinlik. Shirinlikni butunlay tashlash shart emas. Unga joy ajratib, meʼyorini bilsangiz yetadi.

Kechqurun choy ichyapsiz. Javonda bir quti konfet turibdi. «Bittagina», deysiz. Keyin yana bitta, yana bitta. Ertasiga «bugundan shirinlik yoʻq» deb oʻzingizga soʻz berasiz. Kechga borib yana oʻsha quti. Tanishmi? Nega shunday boʻlishini hozir oddiy qilib tushuntiraman.

Nega shirinlikka tortadi?

Birinchisi — taqiq. «Bugundan shirinlik yemayman», dedingizmi? Shu soatdan oʻsha shirinlikni oldingidan ham koʻproq xohlay boshlaysiz.

Olimlar buni tekshirib koʻrishgan. Talaba qizlarga bir hafta shokolad taqiqlangan. Keyin ularga shokolad berishgan. Ayniqsa oʻzini doim cheklab yuradigan qizlar koʻproq yegan. Xuddi prujinadek: qancha qattiq siqsangiz, shuncha kuchli otiladi.

Ikkinchisi — odat. Xafa boʻlsangiz — shirinlik. Xursand boʻlsangiz — shirinlik. Asabiylashsangiz — yana shirinlik. Koʻpincha bu qaramlik emas, odat.

Olimlar odamlarda shakarga qaramlik borligiga dalil kam topgan. Hayvonlarda qaramlikka oʻxshash holat faqat bitta sharoitda koʻrilgan. Shakar goh berilib, goh taqiqlanganda. Yana oʻsha taqiq.

Uchinchisi — koʻz oldidagi shirinlik. Buni oʻzim sinab koʻrganman. Shirinlikni shaffof paketda sovutkichga qoʻysam, u tez tugardi. Xuddi oʻsha shirinlikni qora paketga solib qoʻysam, ancha sekin kamayardi.

Komiks: sovutkichdagi shaffof paketda shirinlik koʻrinib turadi va tez tugaydi, qora paketda koʻrinmaydi va ancha sekin kamayadi

Unda shakarni butunlay tashlash kerakmi?

Shakarni tashlash shartmi?

Yoʻq. Ozish uchun shakarning oʻzi emas, kun boʻyi kirgan jami quvvat hal qiladi.

1997-yilda olimlar shunday tajriba qilishgan. Ayollar 6 hafta bir xil kam kaloriyali ovqat yeyishgan. Bir guruhning ovqatida shakar 100 grammdan koʻp boʻlgan. Ikkinchisida — 10 grammcha. Ikkala guruh ham deyarli bir xil ozgan va yogʻ yoʻqotgan.

Lekin sogʻliq uchun meʼyor bor. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti shuni maslahat beradi. Choy, shirinlik, asal va sharbatdagi shakar kuniga taxminan 12 choy qoshiqdan kam boʻlsin. Butun mevadagi shakar bu hisobga kirmaydi.

Xoʻsh, shirinlik yeb ham ozish mumkinmi?

Shirinlik yeb ozish mumkinmi?

Mumkin. Xohlagan narsani yeyish mumkin, lekin xohlagancha emas. Faqat bir narsani biling: shirinlik toʻydirmaydi.

Deylik, kuniga 1 500 kilokaloriya yeyishingiz kerak. Bir oʻtirishda 500 kilokaloriyalik shirinlik yedingiz. Qorningiz toʻymaydi. Qolgan 1 000 kilokaloriyaga esa kichikroq ovqat sigʻadi. Kechga borib och qolasiz.

Kunlik 1 500 kilokaloriyadan 500 tasi bir oʻtirishdagi shirinlikka ketsa, qolgan 1 000 ga kichikroq ovqat sigʻadi va kechga borib och qolasiz

Qachon mutaxassisga borish kerak?

Oʻzingizni toʻxtata olmay koʻp yeysiz, keyin buni yashirasiz yoki qusasiz. Shunday boʻlsa — bu mutaxassis bilan gaplashish uchun sabab.

Shirinlikka tortishni kamaytirish: 5 qadam

  1. Shirinlikka reja tuzing. Qachon, qancha va qayerda: «Juma kuni tushlikdan keyin, bir boʻlak, dasturxonda, likopchaga solib». Nega: taqiq istakni kuchaytiradi, reja esa shirinlikka joy ajratadi.
  2. Koʻzdan olib qoʻying. Pechenye — yopiq idishda, tokchada. Dasturxon ustida shirinlik turmasin. Nega: koʻz oldidagi shirinlik tezroq tugaydi — qora paketni eslang.
  3. «STOP» tugmasini bosing. Shirinlik yegingiz kelganda oʻzingizdan soʻrang: qachon yedim, nima yedim, qancha yedim? Nega: haqiqiy ochlik asta-sekin keladi, ishtaha esa birdan paydo boʻladi.
  4. Choydagi shakarni asta-sekin kamaytiring. Ikki qoshiqdan bir yarimga, keyin bittaga. Nega: til ham oʻrganadi. Bir tadqiqotda odamlar uch oy shakarni kamroq yeyishgan. Keyin oʻsha shirinlik ularga ancha shirinroq tuyulgan.
  5. «Baribir buzildi» demang. Ikki dona pechenye yedingizmi — qolgan pachkani tugatish shart emas. Keyingi ovqatda odatdagi tartibingizga qayting. Nega: ikki dona pechenye hali hech narsani buzmagan.

Bu qadamlarni bir kun qilish oson. Qiyini — charchagan kechada, choy ustida konfetga qoʻl choʻzilganda eslab qolish. Formula ilovasidagi darslardan biri aynan shu haqda: shirinlik — taqiq emas, uning ham oʻz oʻrni bor. Yegingiz kelganda «Hozir ochmanmi yoki charchadimmi?» deb oʻzingizdan soʻrashni ham mashq qilasiz. «Taomlanish odatlari»da esa bir vaqtda bitta-ikkita odat ustida ishlaysiz. Shirinlikni taqiqlamasdan ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.

Ilovani yuklab olish uchun QR kodTelefon kamerasini QR kodga qarating

Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

Video

Shirinlikni tashlamasdan qanday ozish mumkinligini shu videoda tadqiqotlar asosida oddiy qilib tushuntirganman.

YouTube · Shirinlik Yeb Ozishni Oʻrganing (Tadqiqotlar Xulosasi)

Doktor Feruz YigitaliyevFormula ilovasi muallifi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.

Doktor Feruz yoʻli

Manbalar

  1. World Health Organization. Healthy diet, 2026. who.int/news-room/fact-sheets/detail/healthy-diet
  2. Polivy J, Coleman J, Herman CP. The effect of deprivation on food cravings and eating behavior in restrained and unrestrained eaters. International Journal of Eating Disorders, 2005. doi.org/10.1002/eat.20195
  3. Westwater ML, Fletcher PC, Ziauddeen H. Sugar addiction: the state of the science. European Journal of Nutrition, 2016. doi.org/10.1007/s00394-016-1229-6
  4. Surwit RS va hamk. Metabolic and behavioral effects of a high-sucrose diet during weight loss. American Journal of Clinical Nutrition, 1997. doi.org/10.1093/ajcn/65.4.908
  5. Wise PM va hamk. Reduced dietary intake of simple sugars alters perceived sweet taste intensity but not perceived pleasantness. American Journal of Clinical Nutrition, 2016. doi.org/10.3945/ajcn.115.112300
  6. Doktor Feruz. «Shirinlik Yeb Ozishni Oʻrganing», YouTube, 2024. youtu.be/ahjTx5wqsHw

Shu mavzuda yana