Doimiy ochlik hissi: nega boʻladi va nima qilish kerak
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Doimiy ochlik hissi har doim ham kasallik belgisi emas. Uni toʻydirmaydigan ovqat, shirin ichimlik, kam uyqu yoki ozish paytidagi tananing javobi kuchaytirishi mumkin. Baʼzan esa biz ishtahani ochlik deb oʻylaymiz. Ularni farqlashni oʻrgansangiz va ovqatni toʻyimliroq qilsangiz, ochlik ancha yumshaydi.
Tanish holat: tushlikda toʻyib ovqatlandingiz. Hali kech kirmay, qoʻl yana shkafdagi pechenyega choʻziladi. «Menga nima boʻlgan? Doim ochman», deysiz. Nega shunday? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Doimiy ochlik hissi qayerdan keladi?
Toʻqlikni avvalo oshqozon sezadi. Ovqat tushib, devorlari choʻzilganda u miyaga «toʻydim» degan xabar yuboradi.
Lekin oshqozon kaloriyani emas, hajmni sezadi. Shuning uchun pechenye, shokolad yoki chips qorinni toʻydirmaydi: ular kichkina, lekin kaloriyasi koʻp. Bir kosa sabzavotli ovqat esa kamroq kaloriya bilan toʻydiradi.
Ichak ham toʻqlik haqida xabar beradi. Sabzavot, dukkakli va kepakli nonda tola bor — ruschasi «kletchatka». U toʻliq hazm boʻlmaydi va ingichka ichakning oxirgi qismigacha yetib boradi. U yerdan miyaga «hali ovqat bor» degan xabar ketadi.
Men tolani tormozga oʻxshataman: u ochlikning tez qaytishini tormozlaydi.
Lekin baʼzan qorin toʻq boʻlsa ham yegingiz keladi. Bu nima?
Ochlikmi yoki ishtaha?
Ochlik asta-sekin keladi va vaqt oʻtgan sari kuchayadi. Ishtaha esa birdan paydo boʻladi va birdan yoʻqolishi ham mumkin.
Ishtahani koʻpincha qorin emas, his uygʻotadi: jahl, xafalik, qoʻrquv yoki zerikish. Ishda koʻngilsiz gap eshitdingiz — qoʻl oʻzi shokoladga boradi.
Ularni ajratish uchun «Stop» tugmasini bosing. Yegingiz kelganda, birinchi luqmadan oldin toʻxtang. Oʻzingizga uchta savol bering:
- Qachon yedim? Bir soat oldinmi yoki besh soat oldin?
- Nima yedim? Bitta olmami yoki bir likopcha oshmi?
- Qancha yedim? Ikki luqmami yoki toʻla likopchami?
Ancha vaqt oʻtgan yoki oz yegan boʻlsangiz — bu ochlik, bemalol yeng. Yaqinda toʻyib yegan boʻlsangiz — bu ishtaha boʻlishi mumkin.
Unda yana soʻrang: hozir nimani his qilyapman? Baʼzan sizga ovqat emas, dam olish yoki dardlashish kerak boʻladi.

Yana ikki holatda ochlik kuchayadi: ozganda va kam uxlaganda.
Ozganda va kam uxlaganda nega koʻproq och qolasiz?
Ozayotganda ochlik kuchayishi — iroda yetishmasligi emas. Bu tananing tabiiy javobi. Olimlar hisobicha, har bir kilo ozganda ishtaha kuniga taxminan 100 kilokaloriyaga oshadi.
Kam uyqu ham koʻproq yedirtiradi. Olimlar bir qancha tadqiqotlarni jamlab koʻrishgan. Uyqusi qisqartirilgan odamlar kuniga oʻrtacha 385 kilokaloriya koʻp yegan. Bu — kichik bir ovqatchalik. Sarflagan quvvati esa oʻzgarmagan.

Qachon shifokorga borish kerak?
- Ochlik bilan birga doim chanqasangiz, koʻp siysangiz, juda charchasangiz yoki harakat qilmasdan ozib ketsangiz — qand kasalligini tekshirtiring.
- Koʻp yesangiz ham ozib ketayotgan boʻlsangiz, yuragingiz tez ursa, qoʻlingiz titrasa va koʻp terlasangiz — qalqonsimon bezni tekshirtiring.
- Nazoratsiz koʻp yeb yuborsangiz, keyin oʻzingizni ayblasangiz yoki ataylab och yursangiz — shifokorga boring.
- Biror kasallik uchun doimiy dori ichsangiz va ishtahangiz oʻzgargan boʻlsa — shifokoringizga ayting.
Ishtahani kamaytirish: bugundan 5 qadam
- Har ovqatda oqsil boʻlsin. Goʻsht, tovuq, baliq, tuxum, katiq yoki dukkakli. Nega: oqsilli ovqatdan keyin odam uzoqroq toʻq yuradi.
- Ovqatni salat yoki sabzavotdan boshlang. Masalan, oshdan oldin achchiq-chuchuk yeng. Nega: sabzavot qorinni toʻldiradi va tola beradi. Asosiy taomni esa oʻz-oʻzidan kamroq yeysiz.
- Sekin yeng. Nega: tadqiqotlarda sekin yegan odamlar tez yeganlardan kamroq yegan. Keyingi soatlarda esa ochroq boʻlmagan.
- Kaloriyani ichmang. Chanqasangiz — suv yoki shakarsiz choy. Nega: shirin choy, sharbat va gazli ichimlik kaloriya beradi, lekin qorinni toʻydirmaydi.
- Uyquga vaqt ajrating. Nega: yaxshi uxlagan kuni ishtahani boshqarish ancha oson.
Bu qadamlarni bilish bir gap, charchab kelgan kechqurun «Stop» tugmasini eslash — boshqa gap. Formula ilovasining darslarida shuni oʻrganasiz: ochmanmi yoki charchadimmi, deb oʻzingizdan soʻrash va toʻqlikni payqash. Kam uyqu ovqatlanishni nega qiyinlashtirishi haqida ham dars bor. Har darsdan keyin bitta kichik vazifani oʻz hayotingizda sinaysiz. Kechqurun yegingiz kelib qolsa, nima qilishni Ordinatordan — ilovadagi sunʼiy intellekt yordamchisidan soʻraysiz. Ochlik bilan urushmasdan ozmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Ozish paytida ichingizda boʻladigan kurash haqida shu videoda gapirganman — ochlik bilan olishib charchagan boʻlsangiz, albatta koʻring.
YouTube · Ozishdagi ichki kurash haqida

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- Polidori D va hamk. How strongly does appetite counter weight loss? Quantification of the feedback control of human energy intake. Obesity, 2016. doi.org/10.1002/oby.21653
- Al Khatib HK va hamk. The effects of partial sleep deprivation on energy balance: a systematic review and meta-analysis. Eur J Clin Nutr, 2017. doi.org/10.1038/ejcn.2016.201
- Robinson E va hamk. A systematic review and meta-analysis examining the effect of eating rate on energy intake and hunger. Am J Clin Nutr, 2014. doi.org/10.3945/ajcn.113.081745
- NHS. Diabetes, 2025. nhs.uk/conditions/diabetes
- NHS. Overactive thyroid (hyperthyroidism): symptoms, 2023. nhs.uk/conditions/overactive-thyroid-hyperthyroidism/symptoms
- Doktor Feruz. «Sizdan kelgan savol: ortiqcha vazn va semirish», Telegram, 2026. t.me/taomlanish_ilmi/3836

