Ramazonda ozish va semirmaslik: saharlik va iftorlik
Doktor Feruz3 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Ramazonda ozish ham, semirish ham mumkin. Hammasini kunduzgi ochlik emas, iftordan saharlikkacha yegan jami ovqatingiz hal qiladi. Kuzatuvimcha, oxirgi yillarda koʻpchilik bu oyda ozmaydi, aksincha semiradi. Sababi — iftor dasturxonida.
Ramazon boshlanadi. «Kunduzi och yuraman, bu oy albatta ozaman», deb oʻylaysiz. Lekin oy oxirida kiyimingiz tor kela boshlaydi. Kunduzi och yurgan odam qanday qilib semiradi? Saharlik va iftorlikda nima qilish kerak? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Nega Ramazonda ozish oʻrniga koʻpchilik semiradi?
Avval kunduzgi ochlik haqida. Undan qoʻrqmang. Ortiqcha vazni bor odamning tanasida zaxira bor. Xuddi telefonni quvvatlaydigan powerbank kabi. Qiyini kunduz emas — iftordan keyingi soatlar.
Iftor oldidan ishdan och qaytayotib doʻkonga kirasiz. Och odamga hamma narsa yoqadi, hamma narsa koʻzga chiroyli koʻrinadi. Kerak-kerakmas narsalarni koʻp olasiz. Uyda esa ular oʻz-oʻzidan yeyiladi. Keyin boʻkib qolasiz va oʻzingizdan xafa boʻlasiz.

Bunga kechki choy bilan shirinlik va qovurilgan ovqat qoʻshiladi. Angliyaning qand kasalligi tashkiloti ham shundan ogohlantiradi. Qovurilgan va yogʻli ovqatni tez-tez yesangiz, Ramazon davomida sezdirmay semirishingiz mumkin.
Unda saharlikda nima yeyish kerak?
Saharlik: nima yeyish kerak?
Saharlikni tashlamang — u kun uchun quvvat beradi.
- Boʻtqa. Suli, guruch yoki grechka boʻtqasi. Sut bilan pishirsangiz yana yaxshi.
- Oqsil. Tuxum, qatiq, tvorog, mosh yoki noʻxat.
- Non. Oq non oʻrniga kepakli non.
- Kamroq tuz. Shoʻr va dudlangan ovqat kun boʻyi chanqatadi.
Iftorlik: qanday boshlash kerak?
- Ogʻizni suv va bir-ikki xurmo bilan oching. Ikkita katta xurmoda oʻrtacha bir tilim nonchalik uglevod bor.
- Keyin shoʻrva va salat, undan keyin asosiy taom. Uzoq ochlikdan keyin tez va koʻp yeyish oshqozonga ogʻir.
- Asosiy taom oqsilli boʻlsin. Goʻsht, mosh, noʻxat, loviya yoki sut mahsulotlari.
- Shirin gazli ichimlik va sharbat oʻrniga suv iching.
Suvni men «3+4=7» qoidasi deyman. Saharlikda ogʻiz yopguncha kamida 3 stakan. Iftordan uyquga qadar kamida 4 stakan. Bu eng kam miqdor. Issiq kunlarda koʻproq kerak boʻlishi mumkin.

Qachon shifokorga borish kerak?
- Qand dorisi yoki insulin ishlatsangiz. Ramazondan oldin shifokoringiz bilan reja tuzing. Roʻza paytida qandni tez-tez oʻlchang.
- Qand 4 mmol/l dan pastga tushsa. Roʻzani oching: avval shirin narsa iching, keyin bir burda non yeng.
- Homilador boʻlsangiz, emizsangiz yoki surunkali kasalligingiz boʻlsa. Roʻza haqida shifokoringiz bilan gaplashing.
Ramazonda semirmaslik uchun 4 qadam
- Iftorlik xaridini oldindan, roʻyxat bilan qiling. Och qorin bilan doʻkonga kirmang. Nega: och odamga hamma narsa yoqadi.
- Katta lagandan emas, oʻz likopchangizdan yeng. Nega: shunda qancha yeganingiz koʻrinib turadi.
- Shirinlikka joy ajrating. Har kuni choy bilan emas — oldindan belgilangan kunlari, likopchaga solib yeng. Nega: kechki choy bilan har kungi shirinlik sezdirmay yigʻiladi.
- Hayitda birdan koʻp yemang. Nega: bu uzoq mashq qilmay turib, birdan ogʻir yuk koʻtarishga oʻxshaydi. Ovqat hazm qilishga birdan kuch tushadi.
Roʻyxat yozish oson. Qiyini — kun boʻyi och yurib, iftor oldidan doʻkon eshigida oʻzingizni toʻxtatish. Formula ilovasida savollaringizga javob beradigan AI yordamchi — Ordinator bor. Iftor oldidan unga «Bugun mehmonga boraman, nima qilay?» deb yozasiz. Darslarda esa kechki ovqatda va mehmonda oʻzingizni qanday tutishni oʻrganasiz. Ramazonda ham ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Ramazonda semirib qolmaslik uchun nimalarga eʼtibor berish kerakligini shu videoda batafsil aytganman.
YouTube · Ramazonda Semirmaslik Uchun Bularni Qilishingiz Kerak

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- Doktor Feruz. «Ramazonda Semirmaslik Uchun Bularni Qilishingiz Kerak», YouTube, 2024. youtu.be/-o0Jl532imo
- Doktor Feruz. «Roʻzadorga 3 ta muhim tavsiya», Telegram, 2025. t.me/taomlanish_ilmi/3793
- Doktor Feruz. «Hayit kunidan…», Telegram, 2025. t.me/taomlanish_ilmi/3796
- Doktor Feruz. «Ramazonda taomlanish» kitobi haqida, Telegram, 2024. t.me/taomlanish_ilmi/3767
- Doktor Feruz. «Ramazonda toʻgʻri ovqatlanishning 9 ta oltin qoidasi», Telegram, 2022. t.me/taomlanish_ilmi/2085
- Diabetes UK. Ramadan and diabetes. diabetes.org.uk/about-diabetes/looking-after-diabetes/ramadan

