Qandli diabet 2 tip: belgilari, qand meʼyori va vazn
Doktor Feruz5 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Qandli diabet 2 tip — qondagi qand (glyukoza) uzoq vaqt baland turadigan kasallik. Bunda tana insulin gormonini yaxshi ishlata olmay qoladi. Ortiqcha vazn, kam harakat va irsiyat bunga yoʻl ochadi. Ozish esa kasallikni yengillashtiradi.
Choy ichasiz — yana chanqaysiz. Tez-tez hojatxonaga borasiz. Kechga borib holdan toyasiz, koʻzingiz xiralashadi. «Yosh oʻtyapti-da», deb qoʻl siltaysiz. Aslida bular qandli diabet belgilari boʻlishi mumkin. Qand nega koʻtariladi va vazn bunga qanday aralashadi? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Qandli diabet belgilari qanday?
Diabeti bor odamlarning 95 foizdan koʻpida, yaʼni deyarli hammasida, aynan 2-tip boʻladi. U koʻpincha sekin boshlanadi. Belgilari yengil boʻlgani uchun odam uni yillar davomida sezmasligi mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) quyidagi belgilarni sanaydi:
- kuchli chanqash;
- odatdagidan koʻp siyish;
- koʻz xiralashishi;
- charchoq;
- sababsiz ozish.
Belgi yoʻqligi kasallik yoʻq degani emas. Davolanmagan diabet yillar oʻtib yurak, koʻz, buyrak va nervlarga zarar beradi. Shuning uchun xavfingiz boʻlsa, qandni tahlil bilan tekshirib turing.
Qand miqdori normasi qancha?
JSST raqamlari — venadan olingan qonda, och qoringa:
- 6,1 mmol/l dan past — meʼyor;
- 6,1–6,9 mmol/l — oraliq holat, yaʼni prediabet: diabet hali yoʻq, lekin xavf yuqori;
- 7,0 mmol/l va undan yuqori — diabet belgisi.
Yana bir tahlil — glikirlangan gemoglobin (HbA1c). Oddiy qand tahlili faqat oʻsha paytdagi qandni koʻrsatadi. HbA1c esa oxirgi 2–3 oydagi oʻrtacha qandni koʻrsatadi. Biri — bitta surat, ikkinchisi — butun bir kino.
HbA1c 6,5 % va undan yuqori boʻlsa, diabet deb qaraladi.

Tashxisni bitta raqamga qarab oʻzingiz qoʻymang. Odatda tahlil qayta topshiriladi, xulosani shifokor chiqaradi.
Diabet aniqlansa, HbA1c maqsadi har kimga alohida kelishiladi. Angliya qoʻllanmasiga (NICE) koʻra, maqsad odatda 6,5 %. Qandni keskin tushirib yuborishi mumkin boʻlgan dori ichadiganlar uchun esa — 7,0 %.
Qandli diabet 2 tip va ortiqcha vazn qanday bogʻliq?
Buni qulf va kalitga oʻxshatsa boʻladi.
Ovqatdan keyin qonga qand oʻtadi. U hujayraga kirishi uchun eshik ochilishi kerak. Kalit esa — insulin.
2-tip diabetda koʻpincha kalit bor, hatto ortigʻi bilan. Lekin qulf zanglagan: hujayra insulinni yaxshi sezmaydi.
Zanglagan qulfni bilasiz: kalitni bir burasangiz ochilmaydi, qayta-qayta urinasiz. Meʼda osti bezi ham shunday qiladi. Qulfni ochish uchun yana koʻproq kalit — insulin chiqaradi.
Qulfni koʻpincha ortiqcha yogʻ zanglatadi. Teri ostidagi yogʻ ombori toʻlgach, yogʻ jigar va mushaklar ichiga ham yigʻiladi. Yogʻ kamaysa, qulf yana yaxshiroq ishlay boshlaydi.
Ozish diabetni chekintirishi mumkinmi?
Baʼzi odamlarda — ha. Buni Angliya va Shotlandiyada tekshirib koʻrishgan.
306 kishi bir yil kuzatilgan. Ularda 2-tip diabet oxirgi 6 yil ichida aniqlangan, hech biri insulin olmagan.
Yarmi poliklinikada, mutaxassislar nazoratida ozish dasturidan oʻtgan. Dastur boshida 3–5 oy oddiy ovqat oʻrniga maxsus kokteyl va shoʻrvalar berilgan. Kuniga taxminan 850 kilokaloriya. Keyin oddiy ovqat asta-sekin qaytarilgan.
Bir yildan keyin natija qanday boʻlgan? Dasturdagilarning 46 foizida diabet dorisiz chekingan — deyarli yarmida. Oddiy davolanganlarda esa bu raqam 4 foiz boʻlgan.
Natija ozgan kilogrammga bogʻliq chiqqan. 15 kilo va undan koʻp ozganlarning 86 foizida diabet chekingan. 5–10 kilo ozganlarning esa uchdan birida.

Shifokorlar buni remissiya deyishadi, yaʼni kasallikning chekinishi.
Muhim ogohlantirish: dasturda dorilar shifokor nazoratida toʻxtatilgan. Buni oʻzingizcha qilib boʻlmaydi. Bunday juda kam kaloriyali diyetani ham oʻzingizcha boshlamang.
Qaysi shifokorga borish kerak?
Avval terapevt yoki oilaviy shifokorga boring: u qand tahlillarini buyuradi. Diabet aniqlansa, davolash rejasini endokrinolog bilan tuzasiz.
Endokrinolog kim? Bu gormonlar va ularni ishlab chiqaradigan bezlar kasalliklarini davolaydigan shifokor. Qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari — uning ishi. Diabetda koʻz, buyrak va oyoqlarni ham muntazam tekshirtirib turish kerak.
Darhol 103 ga qoʻngʻiroq qiling, agar qand baland boʻlib:
- qusish yoki qorin ogʻrigʻi boshlansa;
- nafas yoki yurak urishi tezlashsa;
- kuchli uyquchanlik, chalkashlik paydo boʻlsa;
- ogʻizdan meva hidiga oʻxshash hid kelsa.
Bugundan nima qilish kerak?
- Qand tahlilini topshiring. Vazningiz ortiqcha boʻlsa yoki yaqinlaringizda diabet boʻlsa, bu ayniqsa muhim. Nega: belgi yoʻqligi kasallik yoʻq degani emas.
- Kichik ozishdan boshlang. Nega: tadqiqotda 5–10 kilo ozganlarning ham uchdan birida diabet chekingan.
- Shirin ichimlikni tashlang. Dasturxonda sabzavot, meva, dukkaklilar (noʻxat, loviya, mosh) va butun donni koʻpaytiring. Nega: bular oddiy bozorda bor — «diabetiklar uchun» deb sotiladigan maxsus mahsulotlar shart emas.
- Ovqatdan keyin darhol yotmang, biroz yuring. Masalan, osh yeganingizdan keyin mahallani bir aylanib keling. Nega: ishlayotgan mushak qandni oʻzi tortib oladi, insulinga ehtiyoj kamayadi. Yaʼni zanglagan qulfga kamroq kalit kerak boʻladi. Uzoq oʻtirib qolmang: vaqti-vaqti bilan turib, biroz yuring. Jami haftasiga kamida 150 daqiqa harakat qiling.
- Dori dozasini oʻzingiz oʻzgartirmang. Nega: ozib, ovqatingiz oʻzgarsa, insulin va qand dorisini shifokor moslaydi. Aks holda qand haddan tashqari tushib ketishi mumkin.
Qogʻozda bu qadamlar oson koʻrinadi. Qiyini — ularni har kuni, choy-non va mehmondorchilik orasida ushlab turish. Formula ilovasidagi qisqa darslarda shirin ichimlik ham ovqat ekanini, kundalik harakat ham hisobga kirishini bilib olasiz. Har darsdan keyin hayotingizda sinab koʻradigan bitta kichik vazifa boʻladi. Ilova diabetni davolamaydi va dorini oʻzgartirmaydi. Diabet boʻlsa, ilova boshida rejani shifokoringiz bilan kelishganingizni tasdiqlashni soʻraydi. Ozish va qayta semirmaslikni bosqichma-bosqich oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- WHO. Diabetes, 2026. who.int/news-room/fact-sheets/detail/diabetes
- WHO, IDF. Definition and diagnosis of diabetes mellitus and intermediate hyperglycaemia, 2006. iris.who.int/handle/10665/43588
- WHO. Use of glycated haemoglobin (HbA1c) in diagnosis of diabetes mellitus, 2011. iris.who.int/handle/10665/70523
- NICE. Type 2 diabetes in adults: management (NG28), 2015, yangilangan 2026. nice.org.uk/guidance/ng28
- Lean MEJ va hamk. Primary care-led weight management for remission of type 2 diabetes (DiRECT). Lancet, 2018. doi.org/10.1016/S0140-6736(17)33102-1
- NHS. High blood sugar (hyperglycaemia), 2026. nhs.uk/conditions/high-blood-sugar-hyperglycaemia


