Glyukofaj bilan ozish mumkinmi: metformin qanday dori
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Glyukofaj bilan ozish mumkinmi? Qisqa javob: glyukofaj — qand kasalligi dorisi, ozdiruvchi dori emas. Uning tarkibida metformin bor. Tadqiqotlarda u vaznni ozgina kamaytirgan. Ovqat va harakatni oʻzgartirish esa ancha koʻp foyda bergan. Uni faqat shifokor tayinlaydi va kuzatadi.
Tanishingiz maslahat beradi: «Glyukofaj ich, men shu bilan ozdim». Qutisi oddiy, tabletkasi kichkina. Ichib koʻrsangiz-chi? Shoshilmang: bu qand kasalligi dorisi. U kimga yordam beradi, kimga zarar qiladi? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Metformin qanday dori?
Metformin qondagi qandni tushiradi. Angliya sogʻliqni saqlash xizmati (NHS) yozishicha, u uch holatda yoziladi. Bular — 2-tip qand kasalligi, homiladorlikdagi qand kasalligi va tuxumdon polikistozi. Dori faqat retsept bilan beriladi. Ozish bu roʻyxatda yoʻq.
2-tip qand kasalligini qulfga oʻxshataman. Insulin — hujayra eshigini ochadigan kalit. Bu kasallikda kalit koʻpincha bor, lekin qulf zanglagan. Yaʼni hujayra insulinni yaxshi sezmay qoladi.

Metformin ozish uchun ishlaydimi?
«Metformin ozish uchun» deb qidiradiganlar koʻp. Bu savolga eng katta tadqiqotlardan biri javob beradi.
Unda Amerikada 3 mingdan ortiq odam qatnashgan. Ularning qandi meʼyordan biroz baland, vazni esa ortiqcha edi. Ular uch guruhga boʻlinib, taxminan uch yil kuzatilgan:
- ovqat va harakatini oʻzgartirgan guruh oʻrtacha 5,6 kilo ozgan;
- metformin ichgan guruh — 2,1 kilo;
- dori oʻrniga soxta tabletka ichgan guruh — 0,1 kilo.
Qand kasalligi xavfi ovqat-harakat guruhida 58 foizga, metformin guruhida 31 foizga kamaygan. Yaʼni turmush tarzini oʻzgartirish metformindan taxminan ikki baravar koʻp foyda bergan.

Zanglagan qulfni ham shunday «moylash» mumkin. Birinchi moy — ozish, ikkinchi moy — harakat.
Tuxumdon polikistozida ham natija kichik. Bitta tahlilda metformin bilan vazn ozgina kamaygan va hayz tartibi yaxshilangan. Boshqa tahlil esa vaznga hech qanday foyda topmagan.
Glyukofaj bilan ozish: nega oʻzingiz boshlamasligingiz kerak?
Kanada qoʻllanmasi (2025) semizlikni davolash uchun oltita dorini sanaydi. Metformin ular orasida yoʻq. Angliya qoʻllanmasidagi ozish dorilari roʻyxatida ham u yoʻq.
Kanada qoʻllanmasi shifokorlarga maslahat beradi: bu maqsadga ruxsat berilmagan dorini faqat ozish uchun yozmang. Bitta istisno bor. Ruhiy kasallik uchun ichiladigan baʼzi dorilar odamni semirtirsa, metformin shuning oldini olish uchun yozilishi mumkin.
Metforminning nojoʻya, yaʼni keraksiz taʼsirlari ham bor. Koʻp uchraydiganlari — koʻngil aynishi, qusish, ich ketishi, qorin ogʻrigʻi, ishtaha yoʻqolishi va taʼm oʻzgarishi. B12 vitamini ham kamayishi mumkin, bu kuchli charchoq beradi. Kamdan-kam hollarda qonda kislota koʻpayib ketadi — bu xavfli holat.
Kimga mos kelmasligi mumkin? Jigar yoki buyrak kasalligi, yurak yetishmovchiligi yoki ogʻir infeksiya boʻlsa. Koʻp spirtli ichimlik ichadigan odamga ham. Baʼzi siydik haydovchi, ogʻriq qoldiruvchi va bosim dorilari bilan birga ichilsa ham muammo boʻlishi mumkin.
Tanishingizga yordam bergan dori sizga shuning uchun toʻgʻri kelmasligi mumkin.
«Glyukofaj 1000» nimani bildiradi?
Qutidagi «1000» — bitta tabletkadagi dori miqdori, milligrammda. Bu ozish uchun tavsiya emas.
Qancha ichish kerakligini faqat shifokor belgilaydi. NHS yozishicha, miqdor dori nima uchun yozilganiga va odamning yoshiga qarab tanlanadi. Shuning uchun birovning retsepti yoki internetdagi maslahat bilan ichmang.
Qachon shifokorga borish kerak?
- Metformin ichayotganda qusish, ich ketishi yoki isitma boʻlsa — suvsizlanish xavfi bor. Shu kuniyoq shifokor yoki farmatsevt bilan gaplashing.
- Qusish, qorin ogʻrigʻi, mushak tortishishi va nafas qiyinlashishi birga boshlansa — darhol 103 yoki 112. Tomoq yoki til shishsa ham.
- Teri yoki koʻz oqi sargʻaysa — shu kuniyoq shifokorga boring.
- Doim charchab yursangiz — B12 vitaminini tekshirtiring.
- Homilador boʻlsangiz, homiladorlikni rejalashtirsangiz yoki emizsangiz — shifokoringizga ayting.
Nima qilish kerak
- Avval shifokorga boring va qand tahlilini topshiring. Nega: metformin qand kasalligi va baʼzi gormonal holatlar uchun yoziladi. Buni tahlil va koʻrik koʻrsatadi.
- Oʻzingiz boshlamang, birovning dorisini ichmang. Nega: dori sizga mosmi — buni jigar, buyrak va yuragingizni tekshirgan shifokor biladi.
- Ovqat va harakatdan boshlang. Nega: tadqiqotda aynan shu yoʻl metformindan koʻproq ozdirgan va qand kasalligi xavfini koʻproq kamaytirgan.
- Qand kasalligi uchun ichayotgan boʻlsangiz, oʻzboshimcha tashlamang. Nega: dori toʻxtasa, qand yana koʻtarilishi mumkin.
- Metformin ichayotganda spirtli ichimlikni cheklang. Nega: spirtli ichimlik jiddiy nojoʻya taʼsir xavfini oshiradi.
Ovqat va harakatni oʻzgartirish gapda oson, hayotda qiyin — ayniqsa toʻy va mehmondorchilik koʻp boʻlsa. Qand dorisi ichsangiz, ovqatlanishni oʻzgartirishdan oldin shifokoringiz bilan kelishing. Formula ilovasi davolamaydi va dori yozmaydi. Qand kasalligi boʻlsa yoki dori ichsangiz, ilova boshidayoq «Shifokoringiz bilan kelishganingizni tasdiqlang» deb soʻraydi. Keyin darslarda dasturxon, mehmondorchilik va kundalik harakat odatlarini qadamma-qadam oʻrganasiz. «Qadamlar»da maqsad boshqalarnikidek emas — oʻzingizning oʻrtacha qadamingizdan kelib chiqadi. Ozish va qayta semirmaslikni shifokoringiz bilan kelishib oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- Pedersen S. va hamk. Pharmacotherapy for obesity management in adults: 2025 clinical practice guideline update. CMAJ, 2025. doi.org/10.1503/cmaj.250502
- Knowler W. va hamk. Reduction in the incidence of type 2 diabetes with lifestyle intervention or metformin. New England Journal of Medicine, 2002. doi.org/10.1056/NEJMoa012512
- NHS. Metformin, 2026. nhs.uk/medicines/metformin
- NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246


