Podagra kasalligi va ortiqcha vazn: belgilari va davolash
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Podagra kasalligi — boʻgʻim kasalligi. Bunda qonda siydik kislotasi koʻpayib, boʻgʻim ichida va atrofida mayda kristallar hosil qiladi. Kristallar boʻgʻimni birdan qattiq ogʻritadi, qizartiradi va shishiradi. Ortiqcha vazn podagra xavfini oshiradi va xurujlarni kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun shifokorlar ozishni maslahat beradi.
Tunda oyoq barmogʻingiz birdan qattiq ogʻrib, uygʻonib ketasiz. Ertalab qarasangiz, oyogʻingizga kavush ham sigʻmaydi. Podagra koʻpincha aynan shunday boshlanadi. Nega boʻladi va vazn bunga qanday aralashadi? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Podagra kasalligi qanday boshlanadi?
Xuruj birdan, koʻp hollarda tunda boshlanadi. Koʻpincha oyoq bosh barmogʻining boʻgʻimi ogʻriydi: qattiq ogʻriq, qizarish, shish, ushlab koʻrsangiz issiq. Toʻpiq, tizza, oyoq kafti, qoʻl panjasi, bilak va tirsak ham ogʻrishi mumkin.
Podagra koʻpincha 30 yoshdan oshgan erkaklarda va klimaksdan keyin ayollarda uchraydi.
Davolanmasa, yillar oʻtib teri ostida qattiq tugunchalar — tofuslar paydo boʻlishi mumkin. Boʻgʻim buzilishi, buyrakda tosh hosil boʻlishi ham mumkin.
Siydik kislotasi va ortiqcha vazn qanday bogʻliq?
Choyga shakarni juda koʻp solsangiz, bir qismi erimay, tagida choʻkib qoladi. Siydik kislotasi ham shunday. Qonda uzoq vaqt koʻp boʻlsa, boʻgʻimlarda yangi-yangi kristallar hosil boʻlaveradi.

Podagra xavfini quyidagilar oshiradi: irsiyat, ortiqcha vazn, baʼzi dorilar, buyrak kasalligi va yuqori qon bosimi.
Podagrani faqat ovqatdan deb oʻylab, oʻzingizni ayblamang. Unda irsiyat katta oʻrin tutadi.
Vazn esa muhim. Olimlar 10 ta katta kuzatuvni jamlab koʻrishgan, ularda 215 mingdan ortiq odam qatnashgan.
Tana vazn indeksi — boʻy va vazndan chiqadigan raqam. U har 5 birlikka oshganda podagra taxminan bir yarim baravar koʻp uchragan. Boʻyi 170 santimetr odam uchun 5 birlik — taxminan 14 kilo.

Amerika revmatologlari qoʻllanmasi ortiqcha vazni bor podagrali odamlarga ozishni tavsiya qiladi.
Podagra davolash: shifokor nima qiladi?
Xuruj paytida shifokor ogʻriq va yalligʻlanishni bosadigan dori yozadi. Qaysi dori va qancha — faqat shifokor belgilaydi. Dori bilan birga ogʻriyotgan boʻgʻimga muz qoʻyish ogʻriqni yengillashtirishi mumkin.
Xurujlar takrorlansa yoki tofuslar boʻlsa, siydik kislotasini tushiradigan dori buyuriladi. Maqsad — qondagi siydik kislotasini 360 mkmol/l (6 mg/dl) dan past ushlab turish.
Choyni suyultirsangiz, tagidagi shakar asta-sekin eriydi. Siydik kislotasi pasaysa, kristallar ham shunday asta-sekin yoʻqoladi. Tofuslar kichrayadi, xurujlar kamayadi.
Bu dori odatda umrbod ichiladi. Siydik kislotasi meʼyorga tushsa ham, uni oʻzingiz toʻxtatmang. Kislota yana koʻtarilsa, yangi kristallar hosil boʻladi.
Podagra uchun C vitamini tabletkasi tavsiya qilinmaydi: tadqiqotlarda uning sezilarli foydasi koʻrinmagan.
Qaysi shifokorga borish kerak?
Podagra boʻyicha mutaxassis — revmatolog. Koʻp hollarda uni oilaviy shifokor yoki terapevt ham davolaydi. U qonda siydik kislotasini tekshiradi, kerak boʻlsa revmatologga yoʻllaydi.
Revmatologga, ayniqsa, quyidagi holatda boring:
- tashxis aniq boʻlmasa;
- dori yordam bermasa yoki toʻgʻri kelmasa;
- buyrak kasalligi ogʻir boʻlsa yoki aʼzo koʻchirib oʻtkazilgan boʻlsa.
Boʻgʻim birinchi marta birdan qizarib, shishib, qattiq ogʻrisa, oʻzingizcha «podagra» deb davolamang. Xuddi shunday belgilar boʻgʻimga infeksiya tushganda ham boʻladi. Bunda zudlik bilan yordam kerak. Ahvolingiz ogʻir boʻlsa, 103 ga qoʻngʻiroq qiling.
Podagrada nima qilish kerak?
- Ortiqcha vazningiz boʻlsa, sekin oza boshlang. Nega: Angliya qoʻllanmasiga (NICE) koʻra, ortiqcha vazn xurujlarni kuchaytirishi mumkin.
- Spirtli ichimlikni kamaytiring yoki tashlang. Nega: koʻp ichish ham xuruj va ogʻriqni zoʻraytirishi mumkin.
- Fruktoza siropi qoʻshilgan shirin ichimliklarni kamaytiring. Nega: Amerika qoʻllanmasi ularni cheklashni maslahat beradi. Shishadagi yorliqni oʻqing: unda «glyukoza-fruktoza siropi» deb yozilgan boʻlishi mumkin.
- Puringa boy ovqatni, ayniqsa goʻsht va boshqa hayvon mahsulotlarini haddan oshirmang. Nega: purin tanada siydik kislotasiga aylanadi. Bir tadqiqotda ikki kun purinni koʻp yeganlarda xuruj ehtimoli qariyb 5 barobar yuqori boʻlgan — kam yeganlarga qaraganda. Masalan, ketma-ket ikki kun toʻyda boʻlsangiz, goʻshtni meʼyorida oling.
- Hammasini birdan taqiqlamang. Nega: podagrani davolaydigan alohida diyeta yoʻq. Rasmiy qoʻllanma sogʻlom va xilma-xil ovqatlanishni maslahat beradi. Siydik kislotasini koʻpincha ovqat emas, dori meʼyorga tushiradi.
Hammasini bir kunda oʻzgartirish qiyin — va shart ham emas. Formula ilovasidagi «Taomlanish odatlari»da bir vaqtda bir-ikkita odat ustida ishlaysiz. Darslarda shirin ichimlik ham ovqat ekanini bilib olasiz. Ozish ham, natijani saqlash ham birinchi kundan oʻrgatiladi. Ilova podagrani davolamaydi: siydik kislotasini tushiradigan dorini shifokoringiz belgilaydi. Surunkali kasallik yoki dori boʻlsa, ilova boshida rejani shifokoringiz bilan kelishganingizni tasdiqlashni soʻraydi. Ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- NICE. Gout: diagnosis and management (NG219), 2022. nice.org.uk/guidance/ng219
- FitzGerald JD va hamk. 2020 American College of Rheumatology Guideline for the Management of Gout. Arthritis Care & Research, 2020. doi.org/10.1002/acr.24180
- Aune D, Norat T, Vatten LJ. Body mass index and the risk of gout: a systematic review and dose-response meta-analysis of prospective studies. Eur J Nutr, 2014. doi.org/10.1007/s00394-014-0766-0
- Zhang Y va hamk. Purine-rich foods intake and recurrent gout attacks. Annals of the Rheumatic Diseases, 2012. doi.org/10.1136/annrheumdis-2011-201215


