Oʻt pufagi toshi: ortiqcha vazn va tez ozish xavfi

Doktor Feruz

Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Yashil likopchadagi novvot va koʻk-oq piyolada choy

Oʻt pufagi toshi — oʻt pufagida hosil boʻladigan qattiq toshchalar. Ortiqcha vazn ularning xavfini oshiradi. Lekin juda tez ozish ham xavfni oshiradi. Masalan, och qolish yoki kuniga 800 kilokaloriyadan kam yeyish. Shuning uchun oʻt pufagi uchun ham sekin va barqaror ozish xavfsizroq.

Toʻy yaqin, koʻylak tor. Shoshib ozmoqchi boʻlasiz: deyarli hech narsa yemaysiz. Tarozi tez tushyapti, xursandsiz. Lekin oʻt pufagi bu shoshilishni yoqtirmaydi. Nega? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.

Oʻt pufagi toshi qanday bilinadi?

Koʻpincha hech narsa bildirmaydi. Gʻarb mamlakatlarida har 5–10 kishidan bittasining oʻt pufagida tosh bor. Lekin ularning taxminan 80 foizi, yaʼni har 10 kishidan 8 tasi, buni sezmaydi. Belgisiz toshlarning koʻpi umr boʻyi jim yotadi.

Belgi boʻlsa, u xuruj boʻlib keladi:

  • qorinning oʻng yuqori qismida yoki toʻsh ostida kuchli ogʻriq, kamida 15–30 daqiqa davom etadi;
  • ogʻriq orqaning oʻng tomoniga yoki oʻng yelkaga beradi;
  • koʻpincha ovqatdan taxminan 1 soat keyin, kechqurun yoki tunda boshlanadi, odamni uyqudan uygʻotadi;
  • koʻngil aynishi va qusish boʻlishi mumkin.

Toshni UZI koʻrsatadi, jigar tahlillari ham olinadi.

Oʻt pufagi toshi sabablari: vazn nega muhim?

Gʻarbda toshlarning 90–95 foizi xolesterindan boʻladi.

Novvot qanday paydo boʻlishini bilasiz: quyuq shakar sharbatida kristallar oʻsadi. Oʻtda ham shunday: xolesterin haddan tashqari koʻpaysa, u kristallanadi. Mayda kristallar bir-biriga yopishadi va asta-sekin toshga aylanadi.

Novvot va oʻt pufagidagi toshlar: oʻtda xolesterin koʻpaysa, novvotdek kristallanib, toshga aylanadi

Yevropa jigar shifokorlari qoʻllanmasida (EASL) shunday yozilgan. Ortiqcha vazn oʻt pufagi toshi xavfini aniq oshiradi, ayniqsa ayollarda.

Semizlikda oʻt xolesteringa toʻyinadi, oʻt pufagi esa yomonroq boʻshaydi. Vazn va bel aylanasi qancha katta boʻlsa, ogʻriq beradigan toshlar xavfi shuncha yuqori.

Kam harakat, fastfud va 2-tip qandli diabet ham xavfni oshiradi. Yosh ulgʻaygan sari tosh koʻpayadi, ayollarda esa koʻproq uchraydi.

Tez ozish va oʻt pufagi: nega xavfli?

EASL qoʻllanmasiga koʻra, haftasiga 1,5 kilodan tez ozganda oʻt toshi xavfi sezilarli oshadi. Oʻrtacha surʼatda ozganda esa xavf kamayadi.

Sababi: juda tez ozganda oʻtda xolesterin koʻpayadi, oʻt pufagi esa kamroq qisqaradi. Oʻt turib qoladi.

Hovuzdagi suvni eslang: oqmay turib qolsa, tagiga loyqa choʻkadi. Oʻt pufagida ham shunday — tosh hosil boʻlishi osonlashadi.

Shvetsiyada 6 640 kishi bir yil kuzatilgan. Bir guruh 3 oy davomida kuniga 500 kilokaloriya yegan, ikkinchisi — 1 200–1 500 kilokaloriya.

Bir yildan keyin birinchi guruh atigi 3 kilo koʻproq ozgan. Lekin oʻt toshi sababli kasalxonaga yotish unda 48 marta boʻlgan. Ikkinchi guruhda esa — 14 marta. Bu — 3 barobardan koʻp.

Oʻylab koʻring: 3 kilo farq uchun — 3 barobardan koʻp xavf. Xavf umuman olganda kichik, lekin farq aniq.

Shvetsiyadagi kuzatuv: kuniga 500 kilokaloriya yeganlarda oʻt toshi sababli kasalxonaga yotish 48 marta, 1 200–1 500 kilokaloriya yeganlarda — 14 marta

Angliya qoʻllanmasi (NICE) bu borada qatʼiy. Kuniga 800 kilokaloriyadan kam diyeta faqat tez ozish tibbiy jihatdan zarur boʻlganda qilinadi. U mutaxassis nazoratida boʻladi va 12 haftadan oshmaydi. Uzoq ozish yoʻli sifatida esa bunday diyeta ishlatilmaydi.

Qaysi shifokorga borish kerak?

Oʻt pufagi toshini gastroenterolog tekshiradi va kuzatadi. Olib tashlash kerak boʻlsa, jarroh operatsiya qiladi.

Ogʻriq bergan toshda odatda oʻt pufagi laparoskopik usulda — qorindagi kichik teshiklar orqali — olib tashlanadi. Tosh tasodifan topilgan va hech qanday belgi bermasa, odatda davolash shart emas.

Toshingiz ogʻriq bersa, qaysi ovqatdan keyin ogʻriganini kuzating va operatsiyagacha oʻsha ovqatdan saqlaning. Qorindagi ogʻriq yarim soatdan koʻp davom etsa, shu kuniyoq shifokorga boring.

Darhol 103 ga qoʻngʻiroq qiling, agar:

  • qorinda birdan juda kuchli ogʻriq boshlansa;
  • ogʻriq orqaga tarqalib, qusish boshlansa;
  • isitma chiqsa, sovqotib titrasangiz;
  • teri yoki koʻz oqi sargʻaysa.

Oʻt pufagini asrash uchun nima qilish kerak?

  1. Ozish tezligini kuzating. Haftada bir marta tortiling. Tarozi haftasiga 1,5 kilodan koʻp tushsa, ehtimol, ovqatni haddan tashqari kamaytirgansiz. Nega: bunday tezlikda tosh xavfi sezilarli oshadi.
  2. Och qolmang va «kuniga 500 kaloriya» diyetasini oʻzingizcha boshlamang. Nega: bunday diyeta faqat shifokor nazoratida qilinadi.
  3. Ovqatni muntazam qiling, sabzavot va dukkaklilarni koʻpaytiring. Nega: muntazam ovqatlanganda oʻt pufagi ham muntazam boʻshaydi, oʻt turib qolmaydi. Tolaga boy ovqat ham tosh hosil boʻlishiga qarshi ishlaydi.
  4. Har kuni harakat qiling. Nega: muntazam harakat qiladiganlarda ogʻriq beradigan toshlar taxminan 30 foizga kam uchragan.
  5. Ozgan vazningizni saqlang. Nega: bir ozib, bir semirishning oʻzi ham tosh xavfini biroz oshiradi.

Oʻt pufagi uchun xavfsizroq yoʻl — sekin ozish va natijani saqlash. Qiyini — sabr: tarozi tezroq tushishini xohlaysiz. Formula ilovasining «Bugun» ekranida sizga alohida hisoblangan «Ozish zonasi» turadi. Unda kunlik kaloriyangiz koʻrinib turadi — och qolib ozish shart emas. Bir necha hafta ovqat va vaznni yozib borsangiz, ilova bu raqamni qayta tekshirishni taklif qiladi. Ilova toshni davolamaydi: ozish rejasini ham, davolashni ham shifokoringiz bilan kelishasiz. Och qolmasdan ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.

Ilovani yuklab olish uchun QR kodTelefon kamerasini QR kodga qarating

Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing

Doktor Feruz YigitaliyevFormula ilovasi muallifi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.

Doktor Feruz yoʻli

Manbalar

  1. NICE. Gallstone disease: diagnosis and management (CG188), 2014. nice.org.uk/guidance/cg188
  2. EASL. EASL Clinical Practice Guidelines on the prevention, diagnosis and treatment of gallstones. Journal of Hepatology, 2016. doi.org/10.1016/j.jhep.2016.03.005
  3. Johansson K va hamk. Risk of symptomatic gallstones and cholecystectomy after a very-low-calorie diet or low-calorie diet in a commercial weight loss program: 1-year matched cohort study. International Journal of Obesity, 2014. doi.org/10.1038/ijo.2013.83
  4. NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246
  5. NHS. Gallstones, 2025. nhs.uk/conditions/gallstones
  6. Greger M. How Not to Diet. Flatiron Books, 2019.

Shu mavzuda yana