Ozish uchun nima qilish kerak: shifokor oddiy tushuntiradi
Doktor Feruz3 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Ozish uchun nima qilish kerak? Qisqa javob: tanangiz kun davomida sarflaganidan biroz kamroq quvvat olishi kerak. Buni bir oylik qattiq menyu bilan emas, hayotingizga sigʻadigan oddiy odatlar bilan qiling. Shunda vaznni saqlab qolish ancha oson boʻladi.
Tanish holatmi? Dushanbadan yangi hayot boshlaysiz. Nonni, shirinlikni, kechki ovqatni tashlaysiz. Tarozi tushadi, kayfiyat koʻtariladi.
Keyin toʻy keladi, mehmon keladi, ishda charchaysiz. Bir kuni tarozi yana eski raqamni koʻrsatadi. Nega shunday boʻladi va natija qolishi uchun nima qilish kerak? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Ozishning asosiy qonuni qanday?
Tanani oila byudjetiga oʻxshatish mumkin. Tasavvur qiling: oyiga 10 million sarflaysiz, 15 million topasiz. Ortgan 5 million kassaga tushadi.
Tana ham shunday ishlaydi. Ovqatdan kelgan quvvat kunlik sarfdan koʻp boʻlsa, ortgani yogʻ boʻlib yigʻiladi. Tana uni «qora kunlar uchun» saqlab qoʻyadi.
Ozish uchun buning teskarisi kerak. Quvvat kam kelsa, tana yetmaganini oʻz zaxirasidan, yaʼni yogʻdan oladi. Buni kaloriya tanqisligi deyishadi.

Qoida oddiy. Qiyini — uni har kungi hayotda ushlab turish.
Nega menyu va qattiq diyeta koʻpincha ishlamaydi?
Menyuda hammasi yozilgan: nonushtaga nima, tushlikka nima, kechga nima. Lekin hayot menyuga sigʻmaydi.
Ishga borasiz, bola-chaqangiz bor. Mehmon keladi, toʻy va maʼraka bor. Uyda bir kun shoʻrva, bir kun osh pishadi.
Oxiri oila bilan oʻtirib osh yeysiz. Keyin oʻzingizni ayblaysiz: «Yana buzdim, menda iroda yoʻq». Aslida muammo irodada emas, tizimda.
Qattiq cheklov siqilgan prujinaga oʻxshaydi. Qancha qattiq siqsangiz, shuncha kuchli otilib ketadi. Unda tezroq ozishning yoʻli bormi?
Tez ozish uchun nima qilish kerak?
Koʻpchilik «tez ozish uchun nima qilish kerak» deb qidiradi. Ochlik yoki bitta mahsulot bilan tarozini tez tushirsa boʻladi. Lekin bunday vazn odatda tez qaytadi.
Bu belanchakka oʻxshaydi: bir ozasiz, bir semirasiz. Shuning uchun savolni boshqacha qoʻyamiz: qanday ozish mumkinki, natija saqlanib qolsin?
Javob — siz tashlab qoʻymaydigan kichik oʻzgarishlar. Ular sekin koʻrinadi. Lekin yil oxirida aynan ular yutadi.

Qachon shifokorga borish kerak?
- Qandli diabet, yurak kasalligi yoki yuqori qon bosimi boʻlsa, doimiy dori ichsangiz — ozishni shifokor bilan boshlang.
- Homiladorlik va emizish davrida ozishga urinmang. Avval shifokor bilan gaplashing.
- Sababsiz tez oza boshlasangiz yoki tez semira boshlasangiz.
- Ovqat haqidagi fikrlar sizni qiynasa: och yurib, keyin koʻp yeb yuborsangiz, ovqatdan keyin oʻzingizni aybdor sezsangiz.
Ozish uchun maslahatlar: bugundan 5 qadam
Internetda «ozish sirlari» deb izlaganlar koʻp. Bu yerda sir yoʻq. Oddiy, lekin har kuni qilinadigan ishlar bor.
- Haftada bir marta tortiling, oyda bir marta belingizni oʻlchang. Bir xil kunda, bir xil vaqtda. Nega: tarozi umumiy vaznni koʻrsatadi, bel esa yogʻ qayerda turganini.
- Bir hafta nima yeganingizni yozib boring. Maqsad — sanash emas. Nega: qayerda qiynalayotganingiz koʻrinadi — mehmondami, kechqurunmi yoki charchaganda.
- Har kuni koʻproq yuring. Sport zali shart emas: marshrutkadan bir bekat oldin tushing, zinadan chiqing, bolalar bilan sayr qiling. Nega: kundalik hayotga oson sigʻadigan harakat eng uzoq saqlanadi.
- Dasturxonda oʻz «dasturxonchangiz» boʻlsin. Oila yeydigan oshdan siz ham yeysiz, faqat oʻz likopchangizdan, oʻz meʼyoringiz bilan. Nega: oiladan ajralmaysiz, qancha yeganingizni esa bilib turasiz.
- Buzilsa, tashlab qoʻymang. Bir kun koʻp yeb qoʻysangiz ham, ertasi kuni odatdagi rejangizga qayting. Nega: telefon quvvati 1 foizga tushsa, uni derazadan otmaymiz — quvvatga qoʻyamiz.
Bu besh qadamni bilish oson. Qiyini — ularni bir oy, bir yil davom ettirish. Formula ilovasida ozishni shoshilmasdan, bosqichma-bosqich oʻrganasiz. Qisqa video yoki audio dars koʻrasiz, keyin bitta kichik vazifani oʻz hayotingizda sinab koʻrasiz. «Bugun» ekranida esa sizga hisoblangan «Ozish zonasi» turadi. Natijani saqlash ham birinchi kundan oʻrgatiladi. Ozish va qayta semirmaslikni oʻz dasturxoningiz bilan oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Ozish formulasi nimadan iborat ekanini va Formula ilovasi qanday ishlashini shu videoda oddiy qilib koʻrsatib berganman.
YouTube · Ozish Formulasi Topildi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246
- Wharton S. va hamk. Obesity in adults: a clinical practice guideline. CMAJ, 2020. doi.org/10.1503/cmaj.191707
- Doktor Feruz. «Ozish formulasi topildi», YouTube, 2026. youtu.be/WRh6W_HPEs4

