Klimaksda semirish: nega boshlanadi va nima qilish kerak
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Klimaksda semirish koʻp ayolni hayron qoldiradi. Ovqat oʻsha-oʻsha, tarozi deyarli joyida, lekin kiyim belda tor boʻla boshlaydi. Sababi shuki, shu yillarda tanada uchta oʻzgarish boshlanadi. Mushak oʻrnini yogʻ egallaydi, yogʻ qoringa koʻchadi va uyqu buziladi. Har biriga oddiy javob bor.
Hayitga deb tikkan koʻylagingizni kiyasiz — belda qisadi. Taroziga chiqasiz — oʻsha-oʻsha son. «Ovqatim ham oʻzgarmadi-ku», deysiz. Nima boʻlyapti? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Klimaks qachon boshlanadi?
Klimaks bir kunda boshlanmaydi. Avval hayz notekis boʻladi. Bu oʻtish davri bir necha yil davom etadi. Hayz 12 oy ketma-ket kelmasa, menopauza boshlandi deyiladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, koʻp ayolda bu 45–55 yoshda boʻladi.
Hayz notekis boʻlgan davrda ham homilador boʻlish mumkin. Shuning uchun bu tashkilot hayz 12 oy ketma-ket kelmaguncha homiladorlikdan saqlanishni tavsiya qiladi.
Klimaksda semirish: tarozi koʻrmaydigan almashuv
Amerikada ayollarni klimaksdan oldin va keyin koʻp yil kuzatishgan. Tanadagi yogʻ va mushakni maxsus apparatda oʻlchashgan. Klimaks boshlanganda yogʻ ikki baravar tez yigʻila boshlagan. Mushak kamaygan. Tarozidagi vazn esa oldingidek sekin oʻsgan, tezlashmagan.
Bir kilo yogʻ bir kilo mushakdan koʻproq joy egallaydi. Mushak oʻrnini yogʻ egallasa, tarozi joyida turadi, kiyim esa tor boʻladi.

Quvvat sarfi ham kamayadi. Toʻrt yillik kuzatuvda klimaksga kirgan ayollarni hali kirmagan tengdoshlari bilan solishtirishgan. Birinchilarida uyqudagi quvvat sarfi koʻproq kamaygan. Harakat esa klimaksdan ikki yil oldin kamaya boshlagan. Yaʼni oldin toʻydirgan likopcha endi biroz ortiqcha boʻladi.
Klimaks davrida vazn nega qoringa yigʻiladi?
Klimaksda estrogen kamayadi. Estrogen — ayollik gormoni. Shu bilan birga yogʻ qoringa koʻproq yigʻila boshlaydi. Oʻsha toʻrt yillik kuzatuvda ichki aʼzolar atrofidagi yogʻ faqat klimaksga kirgan ayollarda koʻpaygan. Ularda estrogen ham kamaygan.
Qorin ichidagi yogʻ 2-tip diabet, qon bosimi va yurak kasalliklari xavfini oshiradi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, klimaksdan keyin ayolning yurak kasalliklaridan himoyasi ham asta-sekin yoʻqoladi.
Bu yogʻni tarozi koʻrmaydi, bel koʻrsatadi. Qoida oddiy: belingiz boʻyingizning yarmidan kichik boʻlsin.
Uyqu va ishtaha
Klimaksda koʻp ayolni kechasi birdan issiq bosadi. Yuz va koʻkrak qizaradi, odam terga botib uygʻonadi. Uyqu buziladi. Kam uxlagan odam esa ertasi kuni koʻproq yeydi — buni tadqiqotlar ham koʻrsatgan. Ertalab charchab turasiz, choy ustida non va shirinlik koʻproq ketadi.
Qachon shifokorga borish kerak?
- Hayz 40 yoshdan oldin toʻxtasa.
- Hayz butunlay toʻxtagandan keyin yana qon kelsa.
- Issiq bosish, terlash va uyqusizlik kundalik hayotingizni buzsa. Bularni yengillashtiradigan davo bor, uni shifokor tanlaydi. Gormon dorini oʻzingizcha boshlamang.
- Belingiz boʻyingizning yarmidan katta boʻlsa — bosim, qand va xolesterinni tekshirtiring.
- Kayfiyatingiz uzoq tushkun boʻlsa yoki xavotir kuchaysa.
- Tizzangiz ogʻrisa yoki boshingiz aylansa — yangi mashqni shifokor bilan kelishing.
Nima qilish kerak
- Haftasiga kamida 2 kun mushakni kuchaytiradigan mashq qiling. Zal shart emas. Stuldan turib-oʻtirish, devorga tayanib qoʻl bukish, suv toʻla shishani koʻtarish yetadi. Nega: mushakni saqlasangiz, quvvat sarfi kamroq tushadi.
- Har ovqatga oqsil qoʻshing: tuxum, qatiq, tvorog, goʻsht, noʻxat yoki loviya. Nega: oqsil — mushak quriladigan gʻisht.
- Likopchani yangi sarfga moslang, lekin och qolmang. Nega: ovqatni keskin kessangiz, tana yogʻ bilan birga mushakni ham yoʻqotadi.
- Belingizni oyiga bir marta oʻlchab, yozib boring. Nega: qoringa yigʻilayotgan yogʻni erta sezasiz.
- Uyquni asrang. Har kuni bir vaqtda yoting va turing. Nega: kam uxlasangiz, ertasi kuni koʻproq yeysiz. Issiq bosish uyqungizni buzsa, shifokorga ayting — buning davosi bor.
Klimaksda tarozi koʻp narsani koʻrsatmaydi: son joyida, koʻylak esa tor. Shuning uchun belga ham qarash kerak, buni har oy eslab yurish esa qiyin. Formula ilovasining «Oʻlchovlar» boʻlimida belni qanday oʻlchashni ilovaning oʻzi koʻrsatadi. Vazningiz esa «Natijalar»da grafik boʻlib boradi. Ilova boshida salomatligingiz haqida soʻraydi. Surunkali kasallik yoki doimiy dori boʻlsa, rejani shifokoringiz bilan kelishganingizni tasdiqlashni soʻraydi. Shifokoringiz bilan kelishib, ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Ozishda gormonlarning ahamiyati qanchalik katta ekanini shu videoda oddiy qilib tushuntirganman.
YouTube · Ozishda Gormonlarning Ahamiyati

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- JSST. Menopause (maʼlumot varaqasi), 2024. who.int/news-room/fact-sheets/detail/menopause
- Greendale GA va hamk. Changes in body composition and weight during the menopause transition. JCI Insight, 2019. doi.org/10.1172/jci.insight.124865
- Lovejoy JC va hamk. Increased visceral fat and decreased energy expenditure during the menopausal transition. International Journal of Obesity, 2008. doi.org/10.1038/ijo.2008.25
- Al Khatib HK va hamk. The effects of partial sleep deprivation on energy balance: a systematic review and meta-analysis. European Journal of Clinical Nutrition, 2017. doi.org/10.1038/ejcn.2016.201
- JSST. WHO guidelines on physical activity and sedentary behaviour, 2020. who.int/publications/i/item/9789240015128
- NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246

