Diyetasiz ozish mumkinmi: shifokor javobi
Doktor Feruz3 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Diyetasiz ozish mumkin. Har qanday diyeta aslida bitta narsa hisobiga ozdiradi: tana sarflaganidan kam quvvat oladi. Buni taqiqsiz, oʻz dasturxoningiz bilan ham qilsa boʻladi. Bunday yoʻlni yillab davom ettirish esa osonroq.
Yangi diyeta boshladingiz. Birinchi kunlari oʻzingizdan faxrlanasiz. Keyin mehmondorchilik: dasturxonda osh, somsa, shirinlik. Siz esa qaynatilgan tovuq bilan oʻtirasiz. Uyga qaytgach, kechasi xolodilnik eshigini ochasiz.
Tanish manzara? Bunda ayb sizda emas, taqiqning oʻzida. Nega — hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Diyeta aslida qanday ozdiradi?
Keto, «toʻgʻri ovqatlanish» menyusi, kuniga 16 soat och yurish — nomlari har xil. Ishlash yoʻli esa bitta — kaloriya tanqisligi. Yaʼni tana sarflaganidan kam quvvat oladi.
Angliya shifokorlari qoʻllanmasida (NICE) ham shunday yozilgan. Tanqislikka kam yogʻli, kam uglevodli yoki boshqa ovqat bilan erishsa boʻladi.
Demak, asosiy savol «Qaysi diyeta?» emas. Asosiy savol — «Qaysi yoʻlni yillab ushlay olaman?»
Nega taqiqli diyeta uzoqqa bormaydi?
Diyeta koʻpincha taqiq bilan ishlaydi. Lekin taomni oʻzingizga qancha qattiq taqiqlasangiz, uni shuncha koʻp xohlaysiz.
«Bugundan shirinlik yemayman», dedingizmi? Koʻpincha shu soatdan boshlab uni oldingidan ham kuchliroq xohlaysiz. Kimdir bir necha kun, kimdir bir necha hafta chidaydi. Keyin taqiq buziladi.

Kanadalik ikki shifokor, Freedhoff va Sharma, farqni shunday tushuntiradi. Diyeta — siz chiday oladigan eng kam ovqat. Sogʻlom hayot esa — zavq bilan yashay oladigan eng kam ovqat.
Chidash bir kun tugaydi. Zavq bilan qilingan ish esa qoladi. Shu ikkinchi yoʻlda erishgan vazningizni ular «eng maqbul vazn» deydi.
Sogʻlom ozish usullari: diyeta oʻrniga nima?
Diyeta «Nimani yemaslik kerak?» deydi. Diyetasiz ozish esa boshqa savolga javob beradi: «Qancha va qanday yeyman?»
Sevimli taomingiz roʻyxatdan oʻchmaydi. Faqat uning miqdori va vaqti oldindan belgilanadi.

Kanada semizlik qoʻllanmasida yozilishicha, uzoq natija qattiq taqiq bilan emas, moslashuvchan oʻzini tiyish bilan bogʻliq. Yaʼni oʻzingizni tiyasiz, lekin hech bir taomni butunlay man qilmaysiz. Yeb-iching, meʼyorni unutmang.
Tabiiy va zararsiz ozish usullari qaysilar?
«Tabiiy ozish usullari» degani oʻt-oʻlan choyi yoki «oʻsimlikdan qilingan» kapsula degani emas.
Zararsiz usulni uchta belgidan bilasiz. U sizni och qoldirmaydi. U hech qanday choy, kapsula yoki dori ichishni talab qilmaydi. Uni toʻyda ham, mehmondorchilikda ham davom ettira olasiz.
Qachon shifokorga borish kerak?
- Qandli diabet, yurak yoki buyrak kasalligi boʻlsa, doimiy dori ichsangiz.
- Homiladorlik yoki emizish davrida.
- Oʻzingizni toʻxtata olmay koʻp yesangiz, yeganingizdan keyin qussangiz yoki semirishdan qoʻrqib och yursangiz. Bunday holatda avval psixiatr yoki psixoterapevt bilan gaplashing.
Diyetasiz ozish uchun 4 qadam
- Sevimli taomingizga oldindan joy ajrating. Masalan, juma kuni osh, choy bilan bitta-ikkita konfet. Nega: oldindan rejalangan taomni xotirjam, meʼyorida yeysiz.
- Umumiy lagandan emas, oʻz likopchangizdan yeng. Nega: qancha yeyayotganingiz koʻrinib turadi.
- Har ovqatga sabzavot yoki oqsilli taom qoʻshing. Oqsilli taom — tuxum, goʻsht, loviya, noʻxat. Nega: sabzavot kam quvvat bilan toʻydiradi, oqsil esa toʻqlikni uzoqroq ushlab turadi.
- Shirin ichimlikni suv yoki shakarsiz choyga almashtiring. Nega: ichimlik qorinni kam toʻydiradi, lekin uning quvvati hisobga toʻliq kiradi.
Taqiqsiz yoʻlning qiyini bitta: meʼyorni oʻzingiz topishingiz kerak. Formula ilovasida buni oʻz dasturxoningizdan chiqmay oʻrganasiz. Darslarda oddiy oshni, shoʻrvani va salatni qanday yengilroq qilishni koʻrasiz. Shirinlik ham taqiqlanmaydi — bu haqda alohida dars bor. Hech qanday choy, kapsula yoki dori ichish shart emas. Diyetasiz ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Menyusiz, oʻz dasturxoningiz bilan ozish qanday boʻlishini shu videoda Formula ilovasi misolida koʻrsatganman.
YouTube · Ozish Formulasi Topildi

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- NICE. Overweight and obesity management (NG246), 2025. nice.org.uk/guidance/ng246
- Wharton S va hamk. Obesity in adults: a clinical practice guideline. CMAJ, 2020. doi.org/10.1503/cmaj.191707
- Freedhoff Y, Sharma AM. Best Weight: A Practical Guide to Office-Based Obesity Management, 2010.
- Doktor Feruz. «Shakar semirtirmaydi», Telegram, 2023. t.me/taomlanish_ilmi/3633
- Doktor Feruz. «Ozish formulasi topildi», YouTube, 2026. youtu.be/WRh6W_HPEs4

