Suv bilan ozish: kuniga qancha suv ichish kerak
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Suv bilan ozish mumkinmi? Suv yogʻni eritmaydi. Lekin ozishga ikki yoʻl bilan yordam beradi. U shirin ichimlik oʻrnini egallaydi. Ovqatdan oldin ichilsa, ishtahani biroz tiyadi.
Issiq kun. Ishdan charchab chiqasiz, doʻkondan muzdek kola olasiz. Uyda ovqat ustidan yana sharbat. «Ichimlik-ku, ovqat emas», deysiz. Kechqurun telefonda «kuniga 2 litr suv iching — ozasiz» degan videoni koʻrasiz. Qaysi biri rost? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
Suv bilan ozish qanday ishlaydi?
Birinchi yoʻl — ichimlikni almashtirish. Bir stakan suvda kaloriya yoʻq. Xuddi shunday stakan shirin gazli ichimlikda esa 100 kilokaloriyaga yaqin quvvat bor. Yarim litr kolada — 200 ga yaqin. Chanqaganda suv ichadigan odam bu quvvatni olmaydi.

Ikkinchi yoʻl — ovqatdan oldingi suv. U oshqozonning bir qismini egallaydi. Oshqozon miyaga «joy band» deb xabar beradi.
Olimlar buni tekshirib koʻrishgan. 55–75 yoshdagi 48 kishi 12 hafta kam kaloriyali ovqat yegan. 12 hafta — bu deyarli uch oy. Ularning yarmi har asosiy ovqatdan oldin yarim litr suv ichgan, yaʼni ikki stakan. Ular suv ichmaganlardan taxminan 2 kilogramm koʻproq ozgan. Farq kichik. Lekin suv bepul, uni sinab koʻrish oson.

Unda kuniga qancha suv kerak?
Kuniga qancha suv ichish kerak?
«Kuniga albatta 8 stakan» yoki «2 litr» degan qatʼiy qoida yoʻq. Sogʻlom odam chanqasa — ichadi, ovqat bilan ham choy ichadi. Kunlik suv shunday oʻzi toʻlib boradi.
Moʻljal uchun — kuniga 6–7 stakan atrofida. Choy va shoʻrva ham shu hisobga kiradi. Issiq kunda va koʻp harakat qilganda koʻproq kerak.
Yetarli ichayotganingizni siydik rangidan bilasiz. Och sariq, somon rangida boʻlsa — yetarli. Toʻq sariq yoki qoʻngʻir boʻlsa — suv kam. Faqat baʼzi vitamin va dorilar siydik rangini oʻzgartirishini unutmang.
Ozish uchun qanday suv ichish kerak?
Oddiy toza suv yetadi. Sovuq yoki iliq boʻlishi ozishni hal qilmaydi. Ikki stakan xona haroratidagi suvni isitishga tana atigi 6 kilokaloriya atrofida quvvat sarflaydi. Bu deyarli hech narsa.
Kirill yozuvida koʻpchilik «озиш учун қандай сув ичиш керак» deb soʻraydi. Javob shu: oddiy suv.
Limonli suv ozdiradimi?
Limonli suv ham — suv. Limon unga taʼm beradi, yogʻni eritmaydi. Oddiy suvni ichish qiyinmi? Limon tufayli shirin ichimlikdan voz kechsangiz — juda yaxshi. Lekin asal yoki shakar qoʻshsangiz, u yana shirin ichimlikka aylanadi.
Qachon shifokorga borish kerak?
- Yurak yetishmovchiligi yoki buyrak kasalligi boʻlsa, dializ olsangiz. Dializ — qonni apparatda tozalash. Suvni oʻzingiz koʻpaytirmang, shifokor aytganicha iching. Bunday holatda suyuqlik cheklanishi mumkin.
- Bir soatda uch stakandan koʻp suv ichmang. Sogʻlom buyrak ham soatiga 0,7–1 litrdan koʻpini chiqarib ulgurmaydi. Ortigʻi qondagi tuzni xavfli darajada suyultiradi. Koʻp suv ichgandan keyin boshingiz ogʻrisa, koʻnglingiz aynisa yoki qayt qilsangiz — darhol shifokorga boring.
- Ogʻzingiz qurisa, juda kam siysangiz, turganda boshingiz aylansa. Bu suvsizlanish belgisi boʻlishi mumkin.
Ozish uchun suv ichish tartibi: 5 qadam
- Kuniga bitta shirin ichimlikni suvga almashtiring. Nega: suv ham chanqoqni qondiradi, kaloriyasi esa nol.
- Har asosiy ovqatdan 10–20 daqiqa oldin bir-ikki stakan suv iching. Nega: ishtaha biroz tiyiladi, ovqatda kamroq yeysiz. Shunda jigʻildoningiz qaynasa, ovqatni salat bilan boshlang.
- Ovqat paytida ham bemalol iching. Nega: ovqat ustidan suv ichish hazmni buzmaydi. Buni Telegram kanalimda ham yozganman.
- Suv koʻz oldida tursin. Stakanni choynak yoniga qoʻying, yoʻlga bir shisha suv oling. Nega: qoʻl yetadigan joydagi suvni osonroq ichasiz.
- Bir hafta ichgan suvingizni belgilab boring. Nega: qaysi kunlari kam ichishingiz koʻrinadi.
Suv ichish oson. Qiyini — ish va uy tashvishida uni eslab yurish. Formula ilovasining «Bugun» ekranida «Suv kuzatuvi» bor. Har stakan suvni u yerga qoʻshib qoʻyasiz — bugun qancha ichganingiz koʻrinib turadi. Darslardan birida esa suv, choy va kofedan nimani kutish mumkinligini bilib olasiz. Suvdan boshlab ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Ozish uchun suv ichishning qoidasini shu videoda tadqiqot xulosasi bilan oddiy qilib tushuntirganman.
YouTube · Ozish Uchun Suv Ichish Qoidasi (Tadqiqot Xulosasi)

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- Dennis EA va hamk. Water consumption increases weight loss during a hypocaloric diet intervention in middle-aged and older adults. Obesity, 2010. doi.org/10.1038/oby.2009.235
- Institute of Medicine. Dietary Reference Intakes for Water, Potassium, Sodium, Chloride, and Sulfate. National Academies Press, 2005. doi.org/10.17226/10925
- USDA. FoodData Central — shirin gazli ichimlik (kola). fdc.nal.usda.gov
- Doktor Feruz. «Suv ichish — qancha suv ozishga yordam beradi?», Telegram, 2026. t.me/taomlanish_ilmi/3841
- Doktor Feruz. «Ovqat ustidan suv ichsa hazm buzilmaydi», Telegram, 2026. t.me/taomlanish_ilmi/3867
- Greger M. How Not to Diet. Flatiron Books, 2019.

