Doktor Feruz nomidan soxta reklama: qanday tanish
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Doktor Feruz nomidan sotilayotgan choy, kapsula va kofe — soxta. Internetdagi bunday reklamalarda yuzim va ovozim ruxsatsiz ishlatilgan. Bu maqola soxta reklamani tanishga yordam beradi. Olib qoʻygan boʻlsangiz, nima qilishni ham aytaman.
Balki siz ham koʻrgandirsiz. Telefonda mening yuzim, mening ovozim: «Shu choyni iching, ozasiz». Juda ishonarli. Lekin bu — men emasman. Bunday reklama qanday yasaladi va uni qanday ajratish mumkin? Hozir oddiy qilib tushuntiraman.

Doktor Feruz choy, kapsula yoki kofe sotadimi?
Yoʻq. Men hech qanday kapsula, choy yoki kofe sotmayman. Bunday ozdiruvchi mahsulotlarni oʻzim ham hech qachon ichmaganman.
Ochigʻini aytaman: shunday quticha rostdan ozdirganida, uni oʻzim chiqarib, oʻzim sotgan boʻlardim.
Mening rasmiy sahifalarim:
- YouTube: youtube.com/@doctorferuz
- Instagram: instagram.com/doctorferuz
- Telegram: t.me/doctorferuz
- sayt: formulailovasi.uz
Rasmiy sahifalarimda bunday mahsulot reklamasini topmaysiz.
Bitta mahsulotni esa oʻzim qildim va uni yashirmayman. U — Formula ilovasi. Uning sahifalari Instagram va Telegramda «formula_ilovasi» deb nomlangan. Ilovada tabletka ham, choy ham yoʻq. Uning oʻzida «Hech narsa ichish shart emas» deb yozilgan.
Soxta reklama qanday ishlaydi?
Hammasi oddiy boshlanadi. Reklamani bosasiz va yangiliklar saytiga oʻxshatilgan sahifa ochiladi. U yerda uzun video bor, unda goʻyo men gapiryapman.
Oxirida ism va telefon raqamingizni qoldirasiz. Keyin sizga qoʻngʻiroq qilishadi. «Buni Doktor Feruzning oʻzi tavsiya qilgan», deyishadi. Keyin «chegirma» bilan qimmat quticha sotishadi.
Bir kuni shunday qoʻngʻiroq menga ham boʻldi. «Feruz aka, bizda ajoyib mahsulot bor, buni Doktor Feruzning oʻzi tavsiya qilgan», deyishdi. Oʻsha Doktor Feruz — menman.
Bu faqat bizda emas. Buyuk Britaniyada ham mashhur shifokorlarning soxta videolari bilan qon bosimi va qand kasalligiga «dori» sotilgan.
Soxta reklamani qanday tanish mumkin?
Kanada semizlik qoʻllanmasi shubhali reklama belgilarini sanab bergan:
- ovqatni oʻzgartirmasdan va harakatsiz ozish vaʼdasi;
- «xohlaganingizcha yeb ozasiz» degan gap;
- faqat qorindan yoki sondan ozdirish vaʼdasi;
- juda tez natija, masalan, «bir oyda 13–14 kilo»;
- «oldin-keyin» suratlari va ishonib boʻlmaydigan darajada ajoyib hikoyalar.
Men bularga yana uchtasini qoʻshaman: «faqat bugun» chegirmasi, sizga oʻzi qoʻngʻiroq qiladigan operator va yangiliklar saytiga oʻxshatib yasalgan sahifa.
Videodagi yuzga ishonmang. Bir tadqiqotda 210 kishiga haqiqiy va soxta videolar koʻrsatilgan. Odamlar soxtasini ishonchli ajrata olmagan. Lekin oʻzlarini «ajrata olaman» deb oʻylashgan.
Qalbaki pulni rasmidan emas, himoya belgisidan taniysiz. Videoda ham shunday: yuz — bu rasm, himoya belgisi esa — vaʼda. Nima vaʼda qilishyapti — shunga qarang.

Qutichaning ichida nima boʻlishi mumkin?
Bunday qutichaning ichida nima borligini hech kim bilmaydi. Baʼzi «ozdiruvchi» qutichalardan yorliqqa yozilmagan sibutramin chiqqan. Bu — yurak uchun xavfi sababli 2010-yilda savdodan olingan dori.
Qachon shifokorga borish kerak?
- Bunday qutichani ichib, yuragingiz tez ura boshlasa, bosimingiz koʻtarilsa yoki uyqungiz qochsa — ichishni toʻxtating. Qutichani olib shifokorga boring.
- Koʻkragingiz ogʻrisa, nafasingiz qisilsa, yuzning bir tomoni osilsa yoki gap buzilsa — darhol 103 ga qoʻngʻiroq qiling.
- Bosim, yurak yoki kayfiyat uchun doimiy dori ichsangiz — nima ichganingizni shifokorga albatta ayting.
Olib qoʻygan boʻlsangiz, nima qilish kerak
- Hali pul toʻlamagan boʻlsangiz, toʻlamang va olmang. Nega: qutichaning ichida nima borligini hech kim bilmaydi.
- Olib qoʻygan boʻlsangiz, ichmang. Nega: pul ketdi — mayli, salomatlik ketmasin.
- Qutichani, chekni va sahifaning rasmini saqlang. Ichki ishlar idorasiga murojaat qiling yoki 102 raqamiga qoʻngʻiroq qiling. Nega: siz saqlagan narsalar dalil boʻladi.
- Rasmiy sahifalarimni telefoningizda saqlab qoʻying. Reklamada yuzimni koʻrsangiz, avval sahifamga kirib tekshiring. «Faqat bugun» deyishsa, ertagacha kuting. Nega: rostdan foydali narsa ertaga ham foydali boʻladi.
- Shu maqolani reklamaga tez ishonadigan bitta yaqiningizga yuboring. Nega: siz bilganingizni u hali bilmasligi mumkin.
Firibgarlar «tez va oson» deb vaʼda qiladi, men esa bunday vaʼda bermayman. Formula ilovasida hech narsa ichish shart emas: na choy, na kapsula, na kofe. Uning oʻrniga qisqa darslar bor, har biridan keyin bitta kichik vazifani oʻz hayotingizda sinab koʻrasiz. Ovqatlanish odatlarini esa birdaniga emas, bittadan-ikkitadan oʻzgartirasiz. Ilovani ham faqat rasmiy doʻkondan oling. Ozish va qayta semirmaslikni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
«Ozdiruvchi» deb sotiladigan BADlar ichida nima yashiringan boʻlishi mumkinligini shu videoda oʻzim ochiq aytib berganman.
YouTube · Buni ichida NIMA yashiringan? Ozdiruvchi "BAD"lar Haqiqati

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- Obesity Canada. Commercial Products and Programs in Obesity Management. Canadian Adult Obesity Clinical Practice Guideline, 2020. obesitycanada.ca/wp-content/uploads/2025/03/16-Canadian-Adult-Obesity-CPG-Commercial-Weight-Loss.pdf
- Tucker J. va hamk. Unapproved pharmaceutical ingredients included in dietary supplements associated with US Food and Drug Administration warnings. JAMA Network Open, 2018. doi.org/10.1001/jamanetworkopen.2018.3337
- EMA (Yevropa dori agentligi). Sibutramine — referral, 2010. ema.europa.eu/en/medicines/human/referrals/sibutramine
- Stokel-Walker C. Deepfakes and doctors: how people are being fooled by social media scams. BMJ, 2024. doi.org/10.1136/bmj.q1319
- Köbis N. va hamk. Fooled twice: people cannot detect deepfakes but think they can. iScience, 2021. doi.org/10.1016/j.isci.2021.103364
- Doktor Feruz. «Buni ichida nima yashiringan? Ozdiruvchi BADlar haqiqati», YouTube, 2026. youtu.be/PpObJRA-A8A

