Ozdiruvchi kapsula va BADlar: ichida nima bor
Doktor Feruz4 daqiqada oʻqiladi · Yangilangan:

Ozdiruvchi kapsula koʻpincha dori emas, biologik faol qoʻshimcha — BAD. Tadqiqotlarda bunday kapsulalar yo umuman ozdirmagan, yo juda oz farq bergan. Baʼzilarining ichidan esa qutiga yozilmagan, xavfli dori chiqqan.
Kechqurun telefonni varaqlaysiz. Reklama chiqadi: «Tabiiy kapsula, diyetasiz ozasiz». Ostida — «oldin-keyin» surati va koʻp maqtov. Barmogʻingiz «Buyurtma berish» tugmasiga boradi. Toʻxtang. Avval quticha ichida nima boʻlishi mumkinligini bilib oling. Hozir oddiy qilib tushuntiraman.
BAD nima va doridan farqi qanday?
Dori sotuvga chiqishdan oldin odamlarda sinovdan oʻtadi. Ishlashi ham, xavfsizligi ham tekshiriladi. BAD esa dori kabi tekshirilmaydi.
Shuning uchun qutidagi «tabiiy», «xavfsiz», «yogʻni eritadi» degan yozuvlar ichida nima borligini aytmaydi.
Ozdiruvchi kapsula rostdan ozdiradimi?
Olimlar ozish uchun qoʻshimchalar va shunga oʻxshash usullar haqidagi 315 ta tadqiqotni koʻrib chiqishgan. Ulardan faqat 52 tasi yetarlicha ishonchli chiqqan. Shu 52 tadan faqat 16 tasida farq chiqqan. U ham 300 grammdan 5 kilogacha.
Yaʼni har uchta ishonchli tadqiqotdan ikkitasida sezilarli farq chiqmagan.

Kanada qoʻllanmasi ham shunday xulosaga kelgan. Yashil choy ekstrakti, xrom, xitozan, garsiniya — mashhur qoʻshimchalar. Lekin ularning birortasi sezilarli ozdirmagan. Shuning uchun qoʻllanma retseptsiz ozdiruvchi mahsulotlarni tavsiya qilmaydi.
Unda tarozi nega tushadi? Bir voqeani aytay. Bir kishiga BAD ishlamasligini rosa tushuntirgandim. Baribir katta pulga olibdi.
Bir haftadan keyin qoʻngʻiroq qildi: «Ichyapman, bir kilo ozdim». Yana bir hafta oʻtib yozdi: «Doktor, aytganingiz toʻgʻri ekan». Tarozi tez tushsa, koʻpincha suv ketgan boʻladi, yogʻ emas.
«Tez ozdiruvchi mahsulotlar» ichida nima boʻlishi mumkin?
«Tez ozdiruvchi mahsulotlar» tarozini odatda toʻrt yoʻl bilan tushiradi:
- Suv haydaydi. Siydik koʻpayadi, tarozi tushadi. Suv ichsangiz, vazn qaytadi, yogʻ esa joyida qoladi.
- Ich suradi. Ich surgi ichakni boʻshatadi, yogʻni emas. Uzoq ichilsa, zarar beradi.
- Yashirin dori. Baʼzi kapsulalardan yorliqqa yozilmagan sibutramin chiqqan. Bu — yurak uchun xavfi sababli 2010-yilda savdodan olingan ozdiruvchi dori.
- Hech narsa. Kapsula hech narsa qilmaydi. Lekin odam shu paytda koʻpincha ovqatini ham kamaytiradi. Natija esa kapsulaning hisobiga yoziladi.

Qoʻshimchalarning zarari ham oʻlchangan. AQShda har yili taxminan 23 ming marta odamlar qoʻshimchalar sabab shoshilinch yordamga kelgan. Ulardan baʼzilari yurak tez urishi yoki koʻkrak ogʻrigʻi bilan kelgan. Shundaylarning har 4 tasidan deyarli 3 tasida bunga ozdiruvchi yoki «quvvat beruvchi» vosita sabab boʻlgan.
Ozdiruvchi mahsulotlar orasida xavfsizi bormi?
«Tabiiy» degan soʻz xavfsiz degani emas. Kanada qoʻllanmasi garsiniya jigarga zarar berishi mumkinligidan ogohlantiradi.
Reklamadagi shifokor yuzi ham dalil emas. Mening yuzim bilan ham soxta reklamalar tarqatilyapti. Men esa hech qanday kapsula, choy yoki kofe sotmayman.
Qachon shifokorga borish kerak?
Ozdiruvchi kapsula yoki choy ichayotgan boʻlsangiz, quyidagilardan bittasi boʻlsa ham vositani toʻxtating. Shu kuniyoq shifokorga boring, qutisini ham olib boring.
- Yurak tez yoki notekis ursa, bosim koʻtarilsa.
- Uyqu buzilsa, qoʻl titrasa yoki kuchli bezovtalik boʻlsa.
- Koʻz oqi yoki teri sargʻaysa, siydik qorayib ketsa.
- Kuchli ich ketishi yoki chanqoq boʻlsa.
Koʻkrak ogʻrisa, nafas qisilsa yoki hushdan ketsangiz — darhol 103 yoki 112. Qand, bosim yoki yurak uchun dori ichsangiz, har qanday qoʻshimchadan oldin shifokorga ayting. Homilador yoki emizikli boʻlsangiz, ozdiruvchi vositalar siz uchun emas.
Nima qilish kerak
- Olishdan oldin uchta savol bering. Odamlarda sinalganmi? Natija qancha — necha kilo va necha oyda? Ketgani yogʻmi yoki suvmi? Nega: aniq javob boʻlmasa, bu ham javob.
- Shu paytgacha ozdiruvchi vositalarga qancha pul ketganini hisoblang. Nega: hisob koʻz oldingizda tursa, keyingi reklamaga boshqacha qaraysiz.
- Bitta kichik ovqat odatidan boshlang. Masalan, choyga shakar solmang yoki kechki ovqatni kichikroq likopchaga suzing. Nega: vaznni kapsula emas, dasturxondagi odat oʻzgartiradi.
Kapsula oson tuyuladi: ichdingiz — tamom. Odat esa sabr talab qiladi, uni yolgʻiz boshlash qiyin. Formula ilovasida tabletka ham, choy ham yoʻq — ilovaning oʻzida «Hech narsa ichish shart emas» deb yozilgan. Uning oʻrniga qisqa darslar bor. Har darsdan keyin bitta kichik vazifani oʻz hayotingizda sinab koʻrasiz. «Taomlanish odatlari» boʻlimida esa bir vaqtda faqat bitta-ikkita odat ustida ishlaysiz. Ozish va qayta semirmaslikni oʻz dasturxoningizda oʻrganmoqchi boʻlsangiz, App Store yoki Google Playʼdan «Formula — ozish ilovasi»ni yuklab oling.
Savolingiz boʻlsa — Telegramʼdagi yordam botiga yozing
Video
Ozdiruvchi BADlar haqidagi haqiqatni va ular ichida nima yashiringan boʻlishi mumkinligini shu videoda oddiy qilib tushuntirganman.
YouTube · Buni ichida NIMA yashiringan? Ozdiruvchi "BAD"lar Haqiqati

TashMIʼda 10 yil oʻqigan: 6 yil asosiy taʼlim va 2 ta ordinatura. 2021-yildan semizlik va ozish bilan shugʻullanadi. Shu tajriba asosida Doktor Feruz metodi va Formula ilovasi yaratildi.
Doktor Feruz yoʻliManbalar
- Obesity Canada. Commercial Products and Programs in Obesity Management. Canadian Adult Obesity Clinical Practice Guideline, 2020. obesitycanada.ca/wp-content/uploads/2025/03/16-Canadian-Adult-Obesity-CPG-Commercial-Weight-Loss.pdf
- Batsis J. va hamk. A systematic review of dietary supplements and alternative therapies for weight loss. Obesity, 2021. doi.org/10.1002/oby.23110
- Tucker J. va hamk. Unapproved pharmaceutical ingredients included in dietary supplements associated with US Food and Drug Administration warnings. JAMA Network Open, 2018. doi.org/10.1001/jamanetworkopen.2018.3337
- Geller A. va hamk. Emergency department visits for adverse events related to dietary supplements. New England Journal of Medicine, 2015. doi.org/10.1056/NEJMsa1504267
- Doktor Feruz. «Buni ichida nima yashiringan? Ozdiruvchi BADlar haqiqati», YouTube, 2026. youtu.be/PpObJRA-A8A
- Doktor Feruz. «Ozish uchun eng yaxshi kapsulalarni solishtirdim», YouTube, 2026. youtu.be/zilcxOb3TQM

